Joriy yilning 25 aprel kuni 15.00 da Toshkent Fotosuratlar uyida Kamolliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Libos dizayn kafedrasi o‘qituvchilari va libos dizayn yo‘nalishining barcha kurs talabalari tomonidan yaratilgan an’anaviy milliy va zamonaviy liboslar namoyishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu liboslar namoyishidan ko‘zlangan maqsad, institutning libos dizayni bo‘yicha joriy yilda tadbiq etilgan ta’lim dasturlari asosida rejalashtirilgan mavzularda yaratilgan zamonaviy uslublardagi liboslar to‘plami orqali yosh dizaynerlar ijodini “defile” loyhasida namoyish etish va ushbu to‘plamni keng ommaga tadbiq etishdan iborat.
Ko‘rgazmani institut rektori Nodirbek Sayfullaev kirish so‘zi bilan ochib berdi.
U o‘z nutqida “Tasviriy va amaliy san’at festivali”da ishtirok etayotgan barcha ijodkorlarni ushbu quvonarli kun bilan qutladi. Tabrik uchun so‘z, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi raisi Akmal Nuriddinovga berildi. U bugungi kunda dizayn san’atining ahamiyati, libos dizayn san’atiga nisbatan ijodkorlarning yangicha yondashuvlari, noan’anaviy uslublarning keng tadbiq etilishi va har bir dizayner ijodida o‘ziga xos xarakter mujassam etgan namunalarining yaratilayotganligi va haqiqiy iste’dod egalarining ko‘payib borayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shundan so‘ng, institutning Libos dizayn kafedrasi o‘qituvchilari ham o‘zlarining ijobiy fikrlarini bildirdilar.
Ko‘rgazmada namoyish etilgan libos kolleksiyalar soni 60-70 tani tashkil etdi.
Ushbu ko‘rgazma festival loyihasi har yilgidan liboslarda aks etgan mavzular rang-barangligi va soni jihatidan farq qiladi.