O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-24-aprel kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, Mo‘ynoqni kompleks rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, hududdagi bugungi o‘zgarishlar, aholining turmush tarzi va kayfiyatini rangtasvir asarlari orqali talqin qilish maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining 17 nafar ijodkor talabalari ustozlari hamrohligida Mo‘ynoq tumaniga ijodiy safarga yuborildi.
Safar davomida talaba-yoshlar Mo‘ynoq tumanining bugungi kuni, tabiati, insonlari, Orol fojeasi va asoratlari, tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari aks etgan 100 dan ortiq rangtasvir va grafika asarlari yaratishdi.
Joriy yilning 1-iyul kuni Toshkent fotosuratlar uyida talaba-yoshlarning Mo‘ynoq safari davomida yaratilgan ijodiy asarlari hamda jarayon fotolarini o‘zida aks ettirgan “Mo‘ynoq rassomlar nigohida: kecha va bugun” deb nomlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimi hamda mazkur ijodiy safarga bag‘ishlangan ijodiy katalogning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirni institut rektori Abbosjon Mirzorahimov ochib berib, tadbir ishtirokchilariga shunday dedi:
“Mo‘ynoqqa talabalarni yuborish yosh ijodkorlar tomonidan qizg‘in kutib olindi. Ijodiy safar qisqa muddatga amalga oshirilgan bo‘lsa-da, talabalarda juda katta taassurot bilan qaytishdi.
“Mo‘ynoq rassomlar nigohida: kecha va bugun” loyihasi Mo‘ynoqda amalga oshirilayotgan ishlar, tumanning ekoturistik salohiyati va imkoniyatlarini amalga oshirish, Mo‘ynoq va Orol dengizi tarixi, hududning tabiati, aholining an’analari, urf-odatlarini aks etgan asarlarni yaratishga e’tibor qaratildi.
Talabalarning ijodiy ishlarida Orol fojeasi qanchalik ta’sirli ifodalangan bo‘lsa, yangi Mo‘ynoqda amalga oshirilayotgan islohotlar, mahalliy aholining kelajakka yuksak ishonch bilan qarayotganligi, qurilgan binolar va yaratilgan infratuzilma yorqin ranglarda aks ettirilgan.
Ushbu katalogda talabalarning ijodiy ishlari bilan birga Mo‘ynoqdagi ijodiy faoliyatlari aks ettirligan fotolarning ham o‘rin olishi jarayonning to‘liq ochib berilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuni alohida e’tirof etish o‘rinliki, “Mo‘ynoq rassomlar nigohida: kecha va bugun” loyihasi bunday amaliy ishlarning debochasi. Institut jamoasi yurtimizning diqqatga sazovor har bir go‘shasi, har bir hududining o‘ziga xos tabiati va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarini xalqimizga badiiy jihatdan yetuk tasviriy san’at asarlari orqali yetkazishni maqsad qilgan.
Chunki mazkur loyiha nafaqat Mo‘ynoq hayoti va islohotlar aks ettirish, balki talabalarning o‘zida ham amaliy ko‘nikmalarning shakllanishida muhim o‘rin egallaydi”.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 maydagi PQ-261 sonli qaroriga muvofiq 1 iyul kundan boshlab yurtimiz bo‘ylab “Milliy merosga mening hissam!” aksiyasi boshlangan. Mazkur aksiya doirasida birinchilardan bo‘lib Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida start berildi. Unda professor-o‘qituvchilar, ijodkorlar va talabalar o‘zlari yaratgan asarlarini muzeylarga topshirish orqali, madaniy merosimizning yanada boyishi, milliy san’atimiz va madaniyatimiz durdonalarining saqlanishi va kelajak avlodga yetib borishiga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.
Tadbir doirasida institut professor-o‘qituvchilari va talabalar tomonidan mazkur loyiha uchun 54 ta ijodiy ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi, O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi, O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi va O‘zbekiston davlat san’at muzeylariga beg‘araz sovg‘a qilindi.
Mazkur asarlar ichida, Sodiq Rahmonovning “So‘qoq”, Ziyodulla Farmonovning “Jeynovlik gilamdo‘zlar” va boshqa bir qancha ijodiy asarlar madaniy merosimizning yanada kengayishiga hissa qo‘shishi tabiiy.
O‘z navbatida, mazkur asarlarni qabul qiladigan O‘zbekiston davlat san’at muzey direktori Vasila Fayziyeva:
“Bugungi tadbir haqiqatdan ham madaniy merosimizni asrab-avaylash, yurtimiz muzeylarini mazmunli asarlar bilan boyitish sari tashlangan katta qadam deya olaman. Zero, aynan mana shunday xayrli tadbirlar kelajak avlodlarimizga yurtimizning har bir go‘shasining o‘z tarixi, o‘z urf-odatlari, an’analari borligini anglatishga katta ko‘mak bera oladi”, dedi. Shuningdek, O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi direktori Azimjon Rasulov: “Institut jamoasi tomonidan muzeyimizga shunday asarlarni sovg‘a qilinayotganidan behad xursandman. Bu asarlarning har biri tariximizning bir bo‘lagi bo‘lib qolishiga ishonaman”, deya xayrli tashabbus uchun minnatdorchilik bildirar ekan, bu kabi loyihalar albatta, xalqimiz madaniyatining yanada yuksalishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdilar.