Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Ushbu hujjat, ayniqsa, maktab va oliy ta’lim muassasalari hamkorligini rivojlantirish, ular o‘rtasidagi integratsiyani yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan kuni kecha Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti tashabbusi bilan institutga biriktirlgan “Abdulla Qahhor” mahallasida mahalla fuqarolar yig‘ini hamkoligida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, hikoyanavis va tarjimon Abdulla Qahhor tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda yozuvchi va shoirlar, deputatlar, Abdulla Qahhor uy-muzeyi direktori, fakultet rahbariyati hamda mahalla faollari so‘zga chiqib, yozuvchining hayoti va ijodi, asarlarining o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Ijodiy-kechada institut talabalari adibning “Ayb kimda” nomli hikoyasi asosida sahnalashtirilgan spektakldan parcha ijro etishdi. Shuningdek, talabalar tomonidan namoyish etilgan she’rlar, qo‘shiq va raqslar kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Tadbir yakunida fakultet dekani Sayyora Saidova so‘zga chiqib, Abdulla Qahhorning har bir asari va hikoyalari tarbiyaviy ahamiyatga egaligi bilan ajralib turishini ta’kidladi.
Yozuvchi nomi berilgan ushbu ziyolilar mahallasi bilan doimiy hamkorlikda ishlar olib borilayotganligi va bu hamkorlik uzoq yillar davom etishini aytib o‘tdi.
MRDI Matbuot xizmati