Kuni kecha Markaziy ko‘rgazmalar zalida, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy san’at va dizayn fakultetining “Chizmatasvir” kafedrasi o‘qituvchilarining “Mo‘jizakor ranglar ustozlar nigohida” ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmani institut rektori Abbosjon Mirzorahimov ochib berib, professor-o‘qituvchilarni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” hamda tashkil etilgan ajoyib ko‘rgazmalari bilan muborakbod etdi va bunday ahillikda tashkil etilayotgan ko‘rgazmalar yoshlarga, talabalarga katta ibrat, namuna bo‘la olishini alohida ta’kidladi.
Mazkur ko‘rgazmada fakultetning ilk o‘qituvchilaridan biri, O‘zbekiston tasviriy san’atining klassiklari va afsonalari bo‘lgan – O‘zbekiston xalq rassomi Rahim Ahmedov, O‘zbekiston xalq rassomi Vladimir Riftin, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Mannon Saidov, dotsent Ayzik Goldrey, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Tachat Oganesovlarning xotirasi yodga olindi.
Ko‘rgazmada hozirgi kunda “Chizmatasvir” kafedrasida faoliyat olib borayotgan 22 nafar professor-o‘qituvchilar – Faxriy madaniyat xodimi, dotsent Aziza Mamatova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor Ortiqali Qozoqov, kafedra mudiri Rashid Xo‘janiyozov, dotsentlar – Yelena Korolkova, Behzod Mahmudov, Xayrullo Qosimov, Farhod Mannopov, Rustam Mamasoliyev, Ravshan Norchayev, Feruza Erkabayeva, katta o‘qituvchilar – Dilafro‘z Bekmirova, Nigora Mirsolihova, – Shavkat G‘afurov, Gulruh Vohidova, Sevara Qosimova, Alisher Nasriddinov, G‘ayrat Ibragimov, Zuhriddin Qiyomov, Sardor Allabergenov, Sardor Karimov, Faxriddin Pattoxov, Ulug‘bek Mamatovlarning asarlari san’at ixlosmandlariga taqdim etildi.
Mazkur kafedraning professor-o‘qituvchilari Amaliy san’at va dizayn fakulteti talabalariga “Chizmatasvir”, “Rangtasvir”, “Plastik anatomiya” va “Rangtasvir va chizmatasvirning badiiy yechimi” fanlaridan o‘zlarining hayotiy tajribalari, bilim va ko‘nikmalariga tayangan holda bugungi kunda soha mutaxassislarini tayyorlash va yosh avlodni tarbiyalashda, tasviriy san’at sirlarini o‘rgatib kelmoqdalar. Shuningdek, ushbu professor-o‘qituvchilar o‘z ijodiy asarlari bilan doimiy ravishda xalqaro va respublika miqiyosida o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarda ishtirok etib, yurtimizning ravnaqiga hissa qo‘shib kelmoqdalar.
“Mo‘jizakor ranglar ustozlar nigohida” ko‘rgazmasidan o‘rin olgan “Chizmatasvir” kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan yaratilgan asarlarni kuzatar ekansiz, har bir ijodkorning o‘ziga xos uslubga ega ekanligiga guvoh bo‘lasiz. E’tiborli tomoni shundaki, zamonaviy dekorativizm, avangard, realizm yo‘nalishlari va turli tarixiy, maishiy janrlardagi asarlar ko‘rgazma ekspozitsiyasidan o‘rin olgan.
MRDI Matbuot xizmati