🍁 Kuzning eng ko‘rkam voqeasi — Xon Atlas fest 2022

Toshkent shahar hokimligi va “Je team classic” MCHJ hamkorligida poytaxtimiz markazida tashkil etilgan go‘zallik va milliy kaloritning haqiqiy bayrami, deya e’tirof etilgan “Xon ATLAS 2022”  festivali chinakam milliylik va zamonaviylik uyg‘unligining namoyishi bo‘ldi.

 

Festival doirasida  yurtimizning yetakchi dizaynerlarining Toshkent Siti ko‘chasi bo‘ylab 300 nafardan ortiq yoshlar ishtirokida milliy matomiz bo‘lgan atlasdan yaratilgan o‘ziga xos,  zamonaviy ko‘rinishdagi liboslar namoyishlari o‘tkazildi. O‘zbekistonning taniqli dizaynerlari esa o‘zlarining xon atlasdan tikilgan bir-biridan ajoyib bo‘lgan liboslar to‘plamlarini namoyish etishdi. “Xon ATLAS 2022” festivali O‘zbekiston uchun noyob platforma bo‘lib, unda dizayn san’ati va milliy sanoat bilan bog‘liq yo‘nalishlar namoyish etildi.

 

Quvonarlisi, mazkur milliy festivalda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Tasviriy san’at fakulteti 2 bosqich talabasi Fazliddin Anvarov festival bosh tashkilotchilaridan biri sifatida yurtimizning taniqli top dizaynerlari bilan birgalikda faoliyat olib bordi.

 

Mas’uliyatli vazifani astoydil bajarish,  O‘zbekiston milliy sanoatining rivojlanishi, san’atimiz va madaniyatimizni dunyo san’atsevarlariga tarannum etilishi uchun iqtidorli dizaynerlar jamoaviy tarzda samarali mehnat qilishdi.

Tashabbuskor, iste’dodli va mehnatsevar talabamiz Fazliddin Anvarovning kelgusidagi faoliyatida bundan-da ulkan g‘alabalar yor bo‘lishini tilaymiz!