Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-martdagi farmoniga binoan “Kamoliddin Behzod ijodi – jahon olimlari nigohida” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi. Anajumanni Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur ochib berib, ulug‘ bobolarimizning yodini saqlab, ularning chuqur falsafaga boy bo‘lgan merosini o‘rganishga katta hissa qo‘shayotgan barcha mehmonlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
So‘ng Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Abbosjon Mirzorahimov bunday tadbirlar kelajak avlod uchun katta ahamiyatga ega ekanligini, ularning zamirida bilim va tafakkur aks etganligini ta’kidladi va mehmonlarni ezgulik yo‘lida boshlangan xayrli anjumand bilan barchani muborakbod etdi. Xalqaro anjumanda Eron, Ozarbayjon, Turkiya va Fransiya davlatlarining favqulodda va muxtor elchilari ham so‘zga chiqishib, anjuman ishtirokchilarini ilm sari tashlangan yana bir katta qadam bilan muborakbod etishdi. Shuningdek, tadbirda ijro etilgan o‘zbek, turk, ozarbayjon, fors va fransuz milliy kuy va qo‘shiqlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otdi.