Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish mavzusida navbatdagi davra uchrashuvi o’tkazildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ-561-son Qonuniga muvofiq, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilinishini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-yanvardagi 3-son qarori qabul qilingan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka, xotin-qizlar bilan o‘zaro munosabatlar madaniyatini oshirishga qaratilgan profilaktika tadbirlar doimiy tarzda o’tkazib kelinadi.
Kecha Tasviriy san’at fakulteti Xotin-qizlar Maslahat kengashi raisi Salomat Isakulovaning tashabbusi bilan shu mavzudagi navbatdagi davra uchrashuvi o’tkazildi. Davra uchrashuvini Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo’limi boshlig’i Ozoda Hakimova ochib berdi.
Davra uchrashuvida Oliy majlis senatining xotin-qizlar, gender tenglik doimiy komissiyasi a’zosi, Xalq deputatlari Mirobod tuman kengashi deputati, “Oqila ayollar” umummilliy harakati kengashi a’zosi Shoira Saidjabbor hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Mirobod tuman kengashi deputati Gulbahor Kulmatovalar ishtirok etishdi.
Uchrashuv mobaynida ayollar, ularning ijtimoiy-siyosiy munosabatlardagi ishtiroki, huquq va erkinliklari amalda ta’minlanganligi masalasi to’g’risida fikr va mulohazalar ilgari surildi. Shuningdek, talaba-qizlarni qiziqtirgan huquqiy-ijtimoiy savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha ma’lumotlar berildi. Tadbir yakunida mehmonlarga institut rahbariyatining Tashakkurnomalari taqdim etildi.
Davlat va jamiyat munosabatlarida ayollarning o‘rni va rolini yanada oshirish Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans avlodini shakllantirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.