Bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy sanʼat va dizayn fakultetiga Igor Burganov nomidagi Sanʼat akademiyasi rektori, professor Igor Aleksandrovich Burganov va Rossiya dizaynerlari uyushmasi vitse-prezidenti, professor Yuriy Vladimirovich Menchis tashrif buyurishdi. Tashrif chogʻida ular fakultetning Dizayn: interyerni loyihalash taʼlim yoʻnalishi professor-oʻqituvchilari va talabalari bilan davra suhbati olib borishdi.
Rossiyalik mehmonlar fakultetning taʼlim yoʻnalishlariga doir maʼruzalar bilan chiqish qilishdi. Muloqot chogʻida ishtirokchilar oʻzaro tajriba va gʻoyalar almashishdi, yosh talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi va ushbu suhbat davomida sohaning yetuk mutaxassislaridan olingan maʼlumotlar ularning oʻqishi davomida asqotishini takidlab oʻtishdi.
Davra suhbatidan keyin mehmonlar fakultetning oʻquv-ustaxonalari va oʻquv-laboratoriyalarida olib borilayotgan oʻquv jarayoni bilan tanishishdi.