Kuni kecha Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Mahobatli rangtasvir kafedrasi professori, О‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, “Shuhrat” medali sohibi Alisher Aliqulov bilan davra suhbati hamda mahorat darsi tashkil etildi. Tadbirda dastlab rassom o‘zining tasviriy san’at sohasiga kirib kelishida oilasidagi muhit, bolalik yillari, maktab va talabalik davridagi ustozlari, ijod yо‘li, tajribalari haqida batafsil gapirib berdi.
Albatta, Alisher Aliqulovning ijodida tarixiy mavzular katta ahamiyatga ega va uning ijodini asosini tashkil etadi. Shu borada berilgan savolga javob berar ekan, rassom milliy tariximizni ulug‘lab, qadrlashini, uni dunyoga bor bо‘yicha namoyon etish ijodkor sifatidagi oliy maqsadi ekanligini alohida ta’kidladi. Shundan so‘ng bo‘lajak ijodkorlar uchun mahorat darsi tashkil etildi. Mazkur mahorat darsida Alisher Aliqulov o’zining eng sevimli mavzularidan biri bo‘lgan otlar mavzusida ijodiy asar yaratdi. Ijodiy uchrashuv sermazmun, samarali hamda savol-javoblarga boy tadbir sifatida o‘quvchilar va ijodkorlar uchun taassurotga boy tarzda o‘tkazildi.