Bahor fasli go’zal bayramlari bilan qadrli. Mana shunday go’zal bayramlardan biri – Navro‘z umumxalq bayramidir. Bugun, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Dizayn fakulteti hamda Amaliy san’at fakultetlari hamkorligida “Xush kelding bahorim, xush kelding Navro‘z!” shiori ostidagi bayram sayli tashkil etildi.
Sayl avvalida, milliy o‘zligimizdan dalolat beruvchi an’anaviy dasturxonlar, milliy taomlar namoyishi o‘tkazildi. Turlicha urf-odat va rangbarang qadriyatlarga ega yurtimiz viloyatlariga xos kiyimlarda tashrif buyurgan talaba-yoshlar tomonidan dasturxondan o‘rin egallagan ne’matlar to‘g‘risida ma’lumotlar berib borildi. Yaxshi niyatlar va hayrli duolar ostida doshqozonda tayyorlangan Sumalak taomi ham o‘zgacha kayfiyatda institut rahbariyati boshchiligida ochildi.
Bayram tadbirini institut rektori Abbosjon Mirzorahimov ochib berib, barchani ulug‘ ayyom bilan muborakbod etar ekan, bunday tadbirlar bir-birimiz bilan yana-da ahil, inoq bo‘lib ishlashga, iste’dodli yoshlarimizni ko‘proq kashf etishimizga yordam berib, ulardagi kuch-g‘ayrat, shijoatni kuchaytirishini aytib, aynan bu tadbir ham talaba-yoshlarning fikr va mulohazalari, takliflarini o’rgangan holda tashkil etilganini ta’kidlab o‘tdi.