ILMIY KITOB TAQDIMOTI

Yangi davr O‘zbekiston san’atshunoslik fanida san’atning barcha sohalari, jumladan, tasviriy va amaliy bezak san’ati, zamonaviy badiiy jarayonlarining rivojlanish yo‘llari, tarixi va istiqboli xususida qator ilmiy nashrlar chop etilgan. Ammo O‘zbekiston san’ati tarixini yaxlit o‘rganish, qadimgi davrdan to hozirgi zamongacha uzliksiz tarzda badiiy jarayonni ko‘rsatish kabi mas’uliyatli ishga qo‘l urilmagan edi. Shu jihatdan yaqinda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida nashr etilgan San’atshunoslik fanlari doktori, akademik Akbar Hakimovning “O‘zbekiston san’at tarixi (qadimgi davr, o‘rta asrlar, hozirgi zamon) yangi fundamental kitobini tom ma’noda ilmiy fenomen sifatida baholash mumkin. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida mazkur ilmiy kitobning taqdimoti tashkil etildi. Taqdimotda ustozning shogirdlari, yetuk rassomlar va soha mutaxassislari ishtirok etishdi.

Uzoq yillik izlanishlari samarasi sifatida yaratilgan mazkur kitob-albomda O‘zbekistonda san’atning paydo bo‘lishidan hozirgi kungacha bo‘lgan davrdagi tasviriy va amaliy-bezak san’ati, me’morchilik, haykaltaroshlik, miniatyura kabi san’at sohalarining taraqqiyoti ko‘plab ilmiy manbalar va artefaktlar yordamida ochib berilgan. Akademik Akbar Hakimov bu ilmiy asari  o‘quvchiga o‘tmish qiyofa manzaralariga chuqurroq nazar tashlashga va o‘zbek xalqining badiiy merosi insonda ijtimoiy-ahloqiy intilishlarini tarbiyalovchi umrboqiy ma’naviy qadriyatlarni anglashga yordam beradi va ularni qadrlashga undaydi.

“O‘zbekiston san’at tarixi”  o‘zbek, rus va ingliz tillarida alohida kitob shaklida nashr etilgan. Muqovalar uchun o‘zbek tilida “Avliyo oqsaqol yigitga saboq beradi” (XVII asr) zarhal miniatyurasi, rus tiliga Afrosiyob devoriy suratlari (VII-VIII asrlar), ingliz tiliga Budda boshi (San’atshunoslik instituti fondidan) tanlangan. “Zilol buloq” nashriyotida tayyorlangan 528 sahifadan iborat asar yuqori sifatda Turkiyaning Megabasim bosmaxonasida chop etilgan. Asarda mingdan ortiq artefaktlarning rangli va oq-qora suratlari berilgan. Suratlar respublikamiz muzeylari bilan birga, xorijning mashhur Metropoliten, Britaniya, Ermitaj, Tretyakov galereyasi, Marjoniy fondi va boshqa muzey va markazlaridan to‘plangan.