TASAVVUR TASVIRLARI

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Haykaltaroshlik” kafedrasi katta o‘qituvchisi, Tasviriy san’at fakultetining O‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari, rassom Uktam Saidovning “Tasavvurimdagi tasvirlar” nomli shaxsiy koʻrgazmasining ochildi. Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha institut birinchi prorektori Botir Sangirov hamda Tasviriy san’at fakulteti dekani Shixnazar Jumaniyazovlar ijodkor rassom bugungi o‘zbek rangtasvirida o‘z o‘rniga ega bo‘lib kelayotgan ijodkorlardan ekanligini, eng muhimi uning ijodkor sifatida o‘z yo‘li va yo‘nalishi bor ekanligini alohida ta’kidlab, institut rektori Abbosjon Mirzorahimovning samimiy tilaklari va tashakkurnomasi yetkazildi.

Muzey direktori, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova mazkur ko’rgazma bejizga aynan mazkur muzeyda tashkil etilmayotgani, zeroki, ijodkor o‘z asarlarida nafaqat falsafiy mavzularni, shu bilan birga tarixiy mavzularni ham mahorat bilan yoritganini alohida ta’kidlab, ijodkorni va oila a’zolarini, shuningdek, san’at ixlosmandlarini mazkur ko‘rgazmaning ochilishi bilan samimiy muborakbod etdi. Ko‘rgazmada rassomning vaqt hayot to‘qnashuvlari, taqdirning dramatik ko‘rinishlari aks etgan 30 ga yaqin ijodiy ishlari namoyish etilayotgan bo‘lib, har bir asarda ijodkor ma’lum bir fikr, holat va hikmatlarni turli xil simvollar orqali ifoda etgan. Eng muhimi har bir tomoshabin ushbu asarlarni ko‘rish orqali o‘z ong-u tasavvuridagi insonni ko‘rishi mumkin.