Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Qonun umumxalq referendumida ovozga qo‘yiladi. Referendum joriy yilning 30-aprel kuniga belgilandi. Shu munosabat bilan bugun, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida tahsil olayotgan talaba-yoshlar uchun “Referendum va yoshlar” davra suhbati tadbirini tashkil etildi. Institutning “Ijtimoiy fanlar, pedagogika va kasbiy ta’lim” kafedrasi professor-o‘qituvchilari boshchiligida tashkil etilgan mazkur davra suhbatida yurtimizning muhim siyosiy jarayoni hisoblangan Referendum jarayonlari to‘g‘risida so‘z yuritilar ekan, mazkur qonun umumxalq referendumida ovozga qo‘yilganligi yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Yangi tahrirga asosan, O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi moddalar soni hozirgi 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilmoqda. 128 ta moddaning 91 tasiga konseptual o‘zgarishlar kiritilmoqda. Umuman olganda, Konstitutsiyaga 65 foizga o‘zgartirish kiritilmoqda.
Yangilanayotgan qomusiy hujjatimizga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, ulardagi vatanga sadoqat, yurt kelajagiga daxldorlik va yoshlar uchun imkoniyatlarga oid fikr-mulohazalarni tahlil va targ‘ib etish maqsadidagi davra suhbatida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olishdi.