Zakovatli yoshlar yana bir davrada!

Talaba-yoshlarning intellektual salohiyatini ko‘tarish va qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Zakovat” intellektual tur o‘yinlarining 3-MAVSUM bellashuvlari davom etmoqda.

“Referendum – 2023: kelajaging uchun ovoz ber!” shiori ostidagi mavsum o‘yinlarining 2-turi bugun qizg‘in bahslarga boy tarzda tashkil etildi.

O‘yin jarayonlari bevosita klub koordinatori Sarvar Musurmonov hamda institut Yoshlar yetakchisi Jamoliddin Sa’dullayevlar tomonidan tizimli tarzda olib borildi.

Bugun institutning eng zukko va zehnli yoshlaridan iborat 8 ta jamoa о‘z bilimlarini sinovdan о‘tkazishdi. Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, yoshlarni o‘zaro biriktirib, ilm olishga, izlanishga, o‘rganishga undayotgan “Zakovat” intellektual o‘yinlari zukko yoshlarni yuksaklik sari ildam odimlashlari uchun pillapoya bo‘lib xizmat qilmoqda. 2-tur o’yinida eng namunali natijani qayd etgan ishtirokchi – “Invictus” jamoasi sardori Abrorbek Toliboyev deya e’tirof etildi.