Har yili 9-iyun kuni xalqaro tashkilotlar bо‘lmish – Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish hamkorligi (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya forumi (IAF) tomonidan “Butunjahon akkreditatsiya kuni” keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan “О‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DUK Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bakalavr hamda magistrlari о‘rtasida tanlov о‘tkazdi. Ushbu tanlovda ijodkorlar BRMni amalga oshirishda akkreditatsiya faoliyatining о‘rni qanday ekanligini о‘z ijod mahsullarida namoyon eta olishlari kerak edi. Tanlov shartlariga kо‘ra institutning ijodkor talabalaridan О‘zbekistonda akkreditatsiya faoliyati qanday olib borilishi bilan tanishishlari, undagi maqsadlar va akkreditatsiya faoliyati uyg‘unligini о‘z ijodlarida aks ettirgan holda, akkreditatsiya faoliyati mamlakatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishiga hamda atrof-muhit himoyasiga qanday hissa qо‘shayotganligini mahorat bilan tasvirlab berishlari sо‘ralgan edi.
Mazkur tanlovda institutning 12 nafar talabasi – Dastgoh va kitob grafikasi yо‘nalishining 1-bosqich talabasi Aziza Xodjatayeva, Dastgohli rangtasvir yо‘nalishining 4-bosqich talabasi Muhammadali Qayumov, Dastgohli rangtasvir yо‘nalishining 3-bosqich talabasi Furqat Rayimov, Mahobatli rangtasvir yо‘nalishining 3-bosqich talabasi Shohrux Suyunov, Dastgoh va kitob grafikasi yо‘nalishining 3-bosqich talabasi Nazokat Yusupova, Mahobatli rangtasvir yо‘nalishining 3-bosqich talabasi Ulug‘bek Omonboyev, Mahobatli rangtasvir yо‘nalishining 2-bosqich talabasi Islomjon Parpiboyev, Dastgohli rangtasvir yо‘nalishining 3-bosqich talabasi Abdujalil Qovuljonov, Kompyuter grafika va badiiy foto yо‘nalishining 1-bosqich magistranti Muxtasar Umarova, Dastgohli rangtasvir yо‘nalishining 3-bosqich talabasi G‘olib Xolmurodov, Mahobatli rangtasvir yо‘nalishining 3-bosqich talabasi Doston Davlatov, Dastgoh va kitob grafikasi yо‘nalishining 2-bosqich talabasi Ulug‘bek Istamtoshevlar о‘zining ijod namunalari bilan ishtirok etishdi.
Tanlovda Tasviriy san’at fakulteti talabalari:
1-о‘rin sohibasi bо‘lgan Dastgoh va kitob grafikasi yо‘nalishining 1-bosqich talabasi Aziza Xodjatayeva noutbuk;
2-о‘rin sohibi bо‘lgan Dastgohli rangtasvir yо‘nalishining 3-bosqich talabasi Abdujalil Qovuljonov planshet;
3-о‘rin sohibi bо‘lgan Mahobatli rangtasvir yо‘nalishining 3-bosqich talabasi Shohrux Suyunov telefon va diplomlar bilan
taqdirlanishdi.
Shuningdek, tanlovda faol ishtirok etgan 9 nafar talabalarga ham Akkreditatsiya markazining maxsus sovg‘a va diplomlari berildi.
– Avvalo bizning murojaatimizga, e’lon qilgan tanlovimizga e’tiborli bо‘lib, о‘z ijodlari bilan ishtirok etgan barcha talabalarga о‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Niyatimiz kelgusida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorlikda kо‘proq tanlovlar о‘tkazib, yangi g‘oyalar asosida samarali ish olib borish, iste’dodli yoshlarning xalqaro kо‘rgazmalarda ishtirok etishlariga kо‘mak berib, qо‘llab-quvvatlashdir. Zero, vatanimizning kelajagi ana shunday iste’dodli, iqtidorli, intuluvchan yoshlarning qо‘lidadir, – dedi “О‘zbekiston Akkreditatsiya markazi” DUK direktori Ansabxon Zakirov.