“Tashkent art festival” doirasidagi “500 ta rassom” tanlovida institut talabasi Gran-Pri sovrindori bo’ldi.

Xabaringiz bor, 6-12 iyun kunlari poytaxtimizning turli joylarida ART FEST – Rassomlik san’ati kunlari yuqori saviyada tashkil etildi. Kecha poytaxtimizdagi Moviy gumbaz xiyobonida  festival yakuniga bag‘ishlangan gala konsert hamda 10 iyun kuni Botanika bog‘ida tashkil etilgan “500 ta rassom tanlovi” ning g‘oliblarini taqdirlash marosimi bо‘lib о‘tdi. 

Quvonarli tomoni festival g‘oliblari qatoridan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Tasviriy san’at fakultetining 7 nafar talabasi ham joy oldi. Jumladan, Umid Jononov, Bekmurod Qо‘chqorov, Anna Ovchinkova, Javohir Botirov hamda G‘olib Xolmurodov tomonidan taqdim etilgan ijodiy ishlar tashkilotchilar tomonidan e’tirof etilib, qimmatbaho sovg‘alarga munosib kо‘rildi. Shuningdek, Hasan Azimjonov tomonidan ishlangan ijodiy ish uchinchi о‘ringa loyiq kо‘rildi hamda iste’dodli talaba maxsus grafikada ishlaydigan qimmatbaho planshet egasiga aylandi.

 

Festival g‘olibini taqdirlar ekan О‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur aynan rassomlar uchun shunaqa ajoyib tadbir tashkil etilganidan juda ham mamnun ekanligini bayon etdi hamda buning uchun ijodkorlarga sharoit yaratib berayotgan Yurtboshimizga hamda tadbir tashkilotchilariga alohida minnatdorchilik bildirdi.

 

 Festivalning mutloq g‘olibligi hamda Gran-Pri sovrini – Birlashgan arab amirliklarining Abu-dabi shahriga ikki kishilik sayohat yо‘llanmasi Xattotlik va miniatyura ta’lim yо‘nalishi 2-bosqich talabasi Rustam Qurbonovga nasib etdi. Tadbirga tashrif buyurgan institut rektori Abbosjon Mirzorahimov iqtidorli talabalar muborak etdi hamda ularga bundanda yuksak zafarlar tilar ekan, institut rahbariyati iqtidor egalarini qо‘llab-quvvatlash va ularga munosib sharoitlar yaratib berishga doimo tayyor ekanligini ma’lum qildi. Fursatdan foydalanib barcha iste’dodli talaba-yoshlarni yuksak e’tiroflar bilan yana bir bor muborakbod etamiz.