Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 31 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston davlat san’at muzeyida “San’at haftaligi – 2022” doirasida rassom Usto Mo‘min (A.V.Nikolayev) tavalludining 125 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston xalq rassomi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori Rustam Xudayberganov hamda institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Botir Sangirovlar XX asr rangtasvir san’atini shakllanishiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan rassomlardan biri Nikolayev Aleksandr Vasilevichning ijodi o‘zbek tasviriy san’atida alohida o‘rin tutishini, uning ijodida yurtimiz manzaralari, insonlar qiyofasi, xususan, anor tasviri muhim ahamiyat kasb etishini, bugungi ko‘rgazma yoshlar uchun ham, soha mutaxassislari uchun ham birdek foydali ekanligini qayd etib o‘tishdi.
Mazkur ko‘rgazmaga Tasviriy san’at fakulteti dekani Shixnazar Jumaniyazov boshchiligida talaba-yoshlar ham tashrif buyurib, Usto Mo‘minning noyob asarlarini ko‘zdan kechirish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston davlat san’at muzeyida Usto Mo‘min tavalludiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning ochilishida muzey fondida saqlanayotgan rassomning sara asarlari bilan birgalikda hali namoyishga qo‘yilmagan grafik asarlari ham ekspozitsiya asosini tashkil etadi. Rassomning O‘zbekiston tabiati, xalqiga bo‘lgan mehri tufayli Sharq an’analari va o‘zgacha ruhda yaratilgan 60 ga yaqin asarlari ko‘rgazmadan o‘rin egallagan.
Eslatib o‘tamiz ko‘rgazma 11-oktabrga qadar davom etadi.