“Yoshlar – diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi!”

Ma’lumki, O‘zbekiston davlati mustaqillikning ilk kunlaridanoq o‘zining dinga munosabatini aniq va qat’iy belgilab oldi. Davlatning dinga munosabati “Inson e’tiqodsiz yashay olmaydi”, “Dunyoviylik – dahriylik emas” degan aniq tamoyillar asosida belgilandi. Bu tamoyil bosh qomusimiz Konstitusiya hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda o‘zining huquqiy ifodasini topgan.

 

Shu munosabat bilan bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha rektor maslahatchisi Qosimjon Mamajonov tashabbusi bilan “Yoshlar – diniy eksterimizm va terrorizmga qarshi!” mavzusida ochiq muloqotli davra suhbati tashkil etildi.

 

Tadbir avvalida diniy ekstremizm va terrorizmning fojiali oqibatlari tasvirlangan hujjatli film namoyish etildi.

 

Mazkur tadbirga Mirobod tumani IIB Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘limi katta tezkor vakili, kapitan S.A.Tuxsanov mehmon sifatida taklif etilib, mavzu yuzasidan talaba-yoshlarga ayni kunning dolzarb masalalari yuzasidan ma’lumotlar berib o‘tdi.

 

Tadbirni institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Botir Sangirov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, bugungi kunda dinga bo‘lgan qiziqishning kuchayib borayotganligi va globallashuv jarayonlarining o‘ziga hos in’kosi ekanligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

 

Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash bo‘yicha rektor maslahatchisi Qosimjon Mamajonov so‘zga chiqib, mustaqil hayotni boshlayotgan yoshlarni turmushda kutib turgan sinovlar, xususan, yurtimiz, xalqimizga do‘st bo‘lmagan, soxta g‘oyalar bilan hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan o‘smirlarni oilasi va Vatanidan ayirib olib, o‘z manfaatlari yo‘lida qurbon qilishdek g‘araz maqsadlar ega kuchlar borligidan ogohlantirish, barchaning ayniqsa, diniy soha vakillarining burchi hisoblanishi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berib o‘tdi.

 

Diniy-ekstremistik oqimlarning jamiyatimiz barqarorligiga tahdidi respublikamizdagi ijtimoiy siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish, dinlararo va millatlararo munosabatlarni keskinlashtirish, fuqarlarni, ayniqsa, yoshlarni qurolli to‘qnashuvlar ro‘y berayotgan hududlarda faoliyat yuritayotgan terroristik guruhlarga jalb qilish kabi harakatlarda, shuningdek, mamlakatimizda terrorchilik harakatlari sodir etish uchun suqilib kirishga urinishlarda namoyon bo‘lmoqda.

 

Darhaqiqat, hozirgi kunga kelib diniy-ekstremistik tashkilotlar keng tarmoqli tizimga aylanib ulgurdi. Bu chuqur o‘ylangan strategiyaning bir qismidir. Avvalo, barcha ekstremistik tashkilotlar bir tadqiqot markazlari, ta’bir joiz bo‘lsa, “g‘oyaviy laboratoriya”lar mahsuli ekanini alohida qayd etishimiz lozim.

 

Tadbir mobaynida mazkur dolzarb masalalar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilar ekan, talabalarni qiziqtirgan turli savollarga ham mutaxassislar ishtirokida javoblar berildi.

 

MRDI matbuot xizmati