“Yurt jamolin tasvirlagan musavvir”

Kecha O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy san’at va dizayn fakulteti talabasi Yangiljon Saburovaning navbatdagi “Ranglarda yurt jamoli” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Ko‘rgazmada ijodkorning 30 dan ortiq ishlari o‘rin olgan bo‘lib, “Ulug‘bek madrasasi” mayolika loyihasi, “Xiva ko‘hna Ark” shift naqshi, “Buxoro Abu Hafs” masjidi mehrobi, “Shahrisabz Oq saroy” ta’mirlangan loyihasi kabi naqqoshliq hamda bir qator rangtasvir ishlari o‘rin olgan.

 

Ko‘rgazmani Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyi direktori Farrux Usmonov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Milliy san’atimiz istiqboli yo‘lida o‘z ustida tinimsiz harakat qiladigan, ijodiy yuksaklik sari qadam tashlayotgan yosh ijodkorlarning biroz kamayganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tar ekan, har bir yaratgan asarida vatanga bo‘lgan mehr-muhabbati yaqqol aks etib turgan iste’dodli Yangiljonni mazkur ijodiy yutuq bilan samimiy tabrikladi.

 

Ijodiy ishlar ko‘rgazmasiga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” Ortiqali Qozoqov ham tashrif buyurib, milliy san’atimiz uzra parvozga intilayotgan yosh ijodkor to‘g‘risida o‘zining samimiy dil izhorlarini bildirib o‘tdi. Ustoz ijodkor yosh va umidli talaba haqida o‘z fikrlarini bildirar ekan, san’atga ilk qadam qo‘ygan kezlarini, rangtasvir texnika-texnologiyalari bo‘yicha ilk bergan saboqlarini esga olib, bugun katta zallarda ko‘rgazma qiladigan darajadagi haqiqiy rassom bo‘lib kamol topayotganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

 

Tadbir mobaynida, institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Botir Sangirov ham tashrif buyurib, tinimsiz mehnat va ijodiy kamolot yo‘lida harakat qilayotgan talabani qutlar ekan, institut rahbarining tabrigi va diplomini taqdim etdi. Shu kabi ijodkor va istiqbolli yoshlar kun sayin taraqqiy etayotgan Yangi O‘zbekistonimizning ertanggi kuni, san’atimizning porloq kelajagi ekanligi to‘g‘risida samimiy fikrlarini bildirib o‘tdi.

 

Shuningdek, ko‘rgazmaga institutda faoliyat yuritayotgan tyutorlar va ijodsevar talaba-yoshlar ham tashrif buyurishdi. Mazkur ijodiy ishlar ko‘rgazmasi o‘n kun mobaynida tomoshabinlar e’tiboriga havola etiladi.