“Grafika san’ati” guruhining ijodiy ko’rgazmasi tashkil etildi.

Kuni kecha Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi stajyori, shu bilan birgalikda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Grafika” kafedrasi o‘qituvchisi Dilbek To‘xtaqulov va yosh grafikachi rassomlardan iborat bo‘lgan “Grafika san’ati” guruhining  ko‘rgazmasi ochildi.

 

Ko‘rgazmada iste’dodli rassom Dilbek To‘xtaqulov va 16 nafar institutning iqtidorli talaba-yoshlarining 60 dan ortiq grafika asarlari hamda Guljahon Mustafoyevaning “O‘zga olam” nomli installyatsiyasi muxlislarga havola etildi.

 

Ko‘rgazmada o‘zining  asarlari bilan ishtirok etgan iqtidorli talaba, “Mo‘ynoq rassomlar nigohida” loyihasi qatnashchisi Ulug‘bek Istamtoshev o‘z  tassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, bugungi kunda yosh ijodkorlarga yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan mamnun ekanligini, bu kabi ko‘rgazmalarning o‘tkazilishi avvalo san’at olamiga qadam qo‘yayotgan ijodkorlar uchun tajriba maktabi bo‘lish bilan birgalikda taniqli ustozlardan maslahat va o‘gitlar olish uchun katta imkoniyat ekanligini  aytib, barcha ustozlarining fikr-mulohazalari va nasihatlarini inobatga olgan holda yaqin orada  o‘zining shaxsiy ko‘rgazmasini tashkil etish niyati borligini ma’lum qildi.

 

Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan ustoz va shogirdlar o‘z ishlarida grafika san’atining  qog‘oz, qalam, tush, pero, marker, liniolium, guash, akvarel singari texnik vositalar yordamida rang-barang mavzularni yoritishgan.