“Besh muhim tashabbus” ijrosi yuzasidan talabalar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti ma’muriyati hamda fakultet Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi Feruza Hasanova tashabbusi bilan tashkil etilgan “Tafakkur gulshani” nomli uchrashuv shunday tadbirlardan biri hisoblanadi.

 

Talaba-yoshlarni musiqa, rassomlik, adabiyot va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini yanada yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda atoqli shoir, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni sohibi bo‘lgan Abdulla Oripovning farzandi, “Umrboqiy meros” targ‘ibot markazi direktori o‘rinbosari, Turon Fanlar Akademiyasi akademigi Shoira Oripova hamda O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi a’zosi, kinorejissyor Komil Hamroyevlar ishtirok etishdi.

Dastlab so‘zga chiqqan kinorejissyor Komil Hamroyev san’atshunoslik sohasi va uning madaniyat va san’at olamidagi o‘rni hamda ahamiyati haqida muhim ma’lumotlarni berdi. Rejissyor tomonidan suratga olingan ko‘plab hujjatli filmlar aynan madaniyat va san’at yo‘nalishida ekanligi hamda yurtimizdagi tarixiy topilmalar va obektlar to‘g‘risida ekanligi haqida to‘xtalib o‘tildi.

 

Shundan so‘ng Shoira Oripova so‘zga chiqib she’riyat va adabiyot sohasi, kitobxonlik madaniyati hamda yurtimizdagi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan manzilgohlar va ular bilan bog‘liq afsonalar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi. Adabiyot va she’riyatga qiziquvchi iqtidorli talabalar tomonidan Abdulla Oripov ijodiga oid she’rlar yoddan, ifodali aytib berilgani kechaga o‘zgacha kayfiyat baxsh etdi.

 

 Tadbir davomida Shoira Oripova Abdulla Oripovning hayoti va ijodi haqida qimmatli ma’lumotlarni berib, she’rlaridan o‘qib berdi.

 

Uchrashuv davomida kinorejissyor Komil Hamroyev tomonidan tasvirga olingan “Qirq qiz qal’asi” hujjatli filmi yig‘ilganlarga namoyish etildi.

 

 

Uchrashuv yakunida tashrif buyurgan mehmonlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Shuningdek, faol ishtirok etgan talaba-yoshlarga sovg‘alar taqdim etildi.