Joriy yilning 30-sentyabr kuni Toshkent fotosuratlar uyida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston xalq rassomi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori, Akmaljon Ikromjonovning «Qalb navolari» nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur hamda ijodkorning shogirdlari va do‘stlari qatorida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rahbariyati ham ishtirok etib, ustozni shaxsiy ko‘rgazmasining ochilishi bilan samimiy muborakbod etdi.
Jumladan, institut rektori Abbosjon Mirzorahimov so‘zga chiqib “Akmal Ikromjonovni institut jamoasi pedagogik faoliyati mobaynida ko‘plab yosh ijodkorlarni tarbiyalagan zahmatkash ustoz, yurtimiz badiiy ta’limi salohiyatini yuksaltirish va xalqimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan qahramonlar siymosini yaratgan ijodkor sifatida biladi va qadrlaydi. Shuningdek, uning ijodiy faoliyati jahon va o‘zbek tasviriy san’atida alohida o‘rin tutadi”, deya qayd etdi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasi shartli ravishda uch qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda Akmal Ikromjonovning 1980-2000 yillarga mansub asarlari o‘rin olgan. Ular rassomga qadrdon maskanlar manzaralari, natyurmortlardan tashkil topgan realistik asarlardir.
Ikkinchi qismdagi asarlarda milliylik, ijodkorning o‘zi yashab turgan borliq va muhitga chuqur falsafiy-estetik mushohada bilan yondashuvi aks etgan.
Uchinchi turga mansub asarlarda esa ijodkor qalbi ranglarga oshno bo‘lganligini kuzatish mumkin. Bu turdagi asarlar avangard yo‘nalishida ishlangan bo‘lib, ularda asosan rang va undan hosil qilingan ramziy shakllar tilidan hikoya qilinadi…
MRDI Matbuot xizmati