21-oktabr ”O‘zbek tiliga – Davlat tili maqomi berilgan” kun munosabati bilan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bayram tadbiri o‘tkazildi. An’anaga muvofiq mazkur bayramona tadbirda talaba-yoshlar bilan bir qatorda institutga biriktirilgan mahallalarda istiqomat qiluvchi yoshlar ham ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Botir Sangirov yig‘ilganlarni “O‘zbek tili bayrami kuni” munosabati bilan muborakbod etar ekan, til – insonlar o‘rtasida muloqot vositasi bo‘lishi barobarida, har bir millatning o‘zligi, qadriyatlari, tafakkuri va tarixini aks ettiruvchi muhim ijtimoiy voqelik ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
O‘zbek tili ham ko‘p asrlik tarixiy rivojlanish bosqichlarida o‘zining so‘z boyligi bilan Alisher Navoiy, Bobur, Abdulla Qodiriy va boshqa dunyo adabiyotida munosib o‘rin tutgan ko‘plab buyuk siymolarni vujudga keltirgan. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi o‘rni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Ona tilimizning nufuzini oshirishga, uning asl holida saqlanishi va rivojlanishiga xizmat qilish har birimizning burchimiz, desak yanglishmaymiz.
Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Xarbiy musiqa akademik litseyi direktori Ravshan Nigmatov, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrining mahoratli aktyorlari Oltinbek Saparaliyev hamda Rovshan Ibragimovlar mehmon sifatida ishtirok etishdi.
Tadbirda institutning iqtidorli talabalari tomonidan tilga oid she’r, ruboiy va g‘azallar aytildi. Shuningdek, ajoyib sahna ko‘rinishi yig‘ilganlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Tadbir yakunida faol ishtirok etgan talaba-yoshlar institut rahbariyatining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlanishdi.