Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Yoshlar hayotida besh muhim tashabbus” shiori ostida tashkil etilayotgan “Talabalar festivali”ning ikkinchi kunida O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, institut magistranti Mahliyoxon Umurzaqova hamda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi, iste’dodli shoira, institut magistranti Madina Norchayevaning “Qumaru” nomli she’riy to’plami taqdimoti tashkil etildi.
Uchrashuvni Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Botir Sangirov ochib berar ekan, bugun sahna markazida barcha yoshlarga o’rnak sifatida eʼtirof etilayotgan iste‘dod egalarining institutga ilk qadam qo‘ygan kezlari, nufuzli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan davrlari to‘g‘risida samimiy fikrlarini bildirib o‘tdi.
Badiiy adabiyot yo‘nalishida sermahzul ijod qilish bilan bir qatorda, sanʼatshunoslik tarixi va nazariyasi asoslari bo‘yicha magistratura bosqichida tahsil olayotgan ikki isteʼdod egasining ijod va hayot yo‘llari, sayyi-harakatlari va yoshlarga o’rnak bo‘ladigan tomonlari to‘g‘risida suhbat olib borildi.
Uchrashuv mobaynida, talaba-qizlar sheʼriy ijod namunalaridan o‘qib berishar ekan, har bir ijod mahsulining yaralish tarixi, yozilish bosqichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ham berib borishdi. Adabiy-badiiy uchrashuv yakunida o’zbek milliy adabiyotining ertanggi kuni bo’lgan yoshlarga institut rahbariyatining guldastalari taqdim etildi.