Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasi zallarida O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori Ortiqali Qozoqovning “Ipak yoʻli moʻjizalari” nomli shaxsiy koʻrgazmasi va albom taqdimoti tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi. Koʻrgazmada bir qator mehmonlar qatorida institutning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Botir Sangirov ham so‘zga chiqib, isteʼdodli va serqirra rassomning shaxsiy koʻrgazmasi bilan muborakbod etgan holda institut rektori Abbosjon Mirzorahimovning samimiy tabrigini bildirdi.
Ortiqali Qozoqov oʻtgan asrning toʻqsoninchi yillarida oʻzbek rangtasviriga kirib kelgan avlod vakili. Milliy rangtasvir tushunchasini tubdan oʻzgartirishga, yangi avlod ufqlarini kashf etishga harakat qilgan moʻyqalam sohiblari singari uning uchun ham xalqimizga xos milliy qadriyat va anʼanalar, sharq mumtoz adabiyoti, xalq ogʻzaki ijodi asosiy manbaga aylandi. Garchi ushbu ijodiy tajribalar natijasida yaratilgan kartinalarga biror bir mashhur “izm” tamgʻasini bosish mushkul boʻlsa-da, rassomning taʼkidlashicha ularga keng maʼnoda avangard ananalari bilan uyqash ijod namunalari sifatida baho berish mumkin.
Soʻnggi yigirma yil Ortiqali Qozoqov uchun ijodiy evrilishlarga boy yil boʻldi. Baʼzi ijodkorlar singari sharqona ramziylik, allegoriya va metaforalar olamida cheklanib qolishni istamadi. Buning tasdigʻini soʻnggi yillarda yaratilgan rang-barang mavzulardagi asarlarda koʻramiz. Ularning talaygina qismi ustaxonada jamlangan. Milliy hunarmandchilik namunalari ifodalangan natyurmortlar, zamondoshlarimiz qiyofasi aks etgan portretlaru goʻzal tabiat manzaralarining barchasi rassom ijodining serqirraligidan darak beradi.
Rassom koʻrganlarini shunchaki tasvirlash bilan cheklanmaydi. Kartinalarda hayotiy emas, xayoliy tasavvur ranglari ustun. Ortiqali Qozoqov kartinalari uchun eng muhim jihat bu kolorit, yaʼni ranglar mujassamligi. Darhaqiqat, rassomning qaysi bir asariga nazar solmang, turfa ranglar uygʻunligiga guvoh boʻlasiz. Barcha ranglar oq matoda goʻyo raqsga tushadi. Bir qarashda tartibsiz, mavhum boʻlib tuyulgan qorishma va surtmalar zamirida moʻyqalam sohibining asl ijodiy ideali yuz koʻrsatadi.
Moʻyqalam sohibi hayoti davomida ularning mazmunini anglab yetishga harakat qiladi. Maʼlum bir ranglarga oshuftalik rassom ruhiyatidagi ziddiyat va murakkabliklarni ham ifodalaydi. Ranglar bilan muloqot rassom uchun nihoyatda muhim. Ranglar ham inson tuygʻulariga oʻxshaydi. Ularni boʻysundirish, qolipga solish mushkul. Shamolni qafasga qamab boʻlmaganidek, ranglar jilosini ham toʻsishning imkoni yoʻq.
Moʻyqalam sohibi tinimsiz izlanishda.Turli uslub va yoʻnalishdagi asarlarni yaratishdan sira charchamaydi. Har kuni yangi ranglar jilvasi kashf etiladi, har kuni beorom tuygʻular toʻlqini oq mato sohili bilan uchrashadi. Rassom ustaxonasi ana shunday ajib hodisotlar maskani. Unda moʻjizalar sodir boʻlishi moʻjiza hisoblanmaydi. Unda xayolot olami chegara bilmaydi, ranglar insonlar kabi tilga kiradi, quvonadi, iztirob chekadi. Zero, bu yer shunchaki ijod maskani emas. Rassom Ortiqali Qozoqovning ilhom farishtalari ana shu osmonda parvoz etadi.
Koʻrgazmada rassomning Ipak yoʻli mavzusida oxirgi yillarda yaratgan 40 ga yaqin rangtasvir asarlari namoyish etildi. Unda Amaliy sanʼat va dizayn fakulteti dekani, tyutor va talabalari ham ishtirok etishdi va ustozni shaxsiy koʻrgazmasi bilan muborakbod etishdi. Institut jamoasi ustoz Ortiqali Qozoqovning kelgusidagi ijoliy va ilmiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyat yor boʻlishini tilab qoladi.