AYOLLARGA EHTIROM!

Har yili bahorning ilk haftasida mamlakatimizning barcha joylarida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tantanalari o‘tkaziladi. Unda ayollarga yanada ehtirom ko‘rsatilib, ularning sha’niga samimiy tilaklar bildiriladi. Bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida faoliyat yuritayotgan ayollar va xotin-qizlar uchun “Sen aziz va muqaddassan, mo‘tabar ayol!” nomli bayram tadbiri tashkil etildi.

Tantanali tadbir avvalida institut rahbariyati tomonidan yig‘ilgan barcha ayollarga esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Bayram tadbiri avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Hay’atining tegishli qaroriga muvofiq “Mo’tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan institut ilmiy kotibi Xolbuvi Askarova alohida e’tirof etildi.

Bayram tadbirida el ardog‘idagi san’atkorlar – O‘zbekiston xalq artisti Zulayxo Boyxonova, taniqli xonanda Ahror Usmonov, Nihol mukofoti sohibasi, estrada xonandasi Gulasal Abdullayeva, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti talabalari, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi talabalari ishtirok etib, tadbirni yanada fayzli va bayramona kayfiyatda o‘tishiga hissalarini qo‘shishdi.

Aziz va muhtarama ayollar! Qalbingizdan quvonch, yuzingizdan tabassum hech qachon arimasin. Xayrli va savobli maqsadni diliga tukkan fidoyilar safida dadil qadam tashlayotgan ekansiz, bugungidek tiniq orzular, beg‘ubor maqsadlar hamisha hamrohingiz bo‘lsin.