TASVIRIY SAN’AT FAKULTETIDA BMI HIMOYALARI BO’LIB O’TMOQDA

О‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy kо‘rgazmalar zalida Tasviriy san’at fakulteti Teatr bezagi rangtasviri, Filmning tasviriy yechimi hamda Multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi yо‘nalishlari talabalarining Bitiruv malakaviy ishi himoyalari bо‘lib о‘tdi. Himoyani ochib berar ekan, institut rektori Abbosjon Mirzorahimov bugungi kunda о‘zbek kino, teatr va multfilm san’atining rivoji kо‘p jihatdan bugun himoyaga chiqayotgan bitiruvchilarning yetuk mutaxassis bо‘lishlariga ham bog‘liq ekanligini, shu ma’noda ularning yelkasida ulkan mas’uliyat turganini ta’kidlab, bitiruvchilarga bugungi himoya hamda kelgusi faoliyatlariga ulkan zafarlar tiladi.

 

 

Himoyada Teatr bezagi rangtasviri ta’lim yо‘nalishi talabalari tomonidan «Ulug‘bek xazinasi», «Yulduzli tunlar», «Asrga tatigulik kun» ,«Kо‘k qush», «Makbet» va boshqa kо‘plab asarlarni sahna talqini uchun eskizlar ishlagan bо‘lsa, Filmning tasviriy yechimi ta’lim yо‘nalishi talabalari «Afg‘on shamoli», «Martin Iden», «Romeo va Juletta», «Qatlnoma» va boshqa asarlarning о‘ziga xos tasviriy yechimini yaratishga intilganlar. Multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi ta’lim yо‘nalishi talabalari esa «Alpomish», «Zumrad va qimmat», «Uch chо‘chqacha», «Dyumovichka», «Alita, jang farishtasi» kabi ertaklarning multiplikatsion film eskizlarini ishlash barobarida kichik qismlardan iborat  animatsion roliklarini ham namoyish etdilar.