Tasviriy san’at fakulteti talabalarining Bitiruv malakaviy ishi himoyalari o’z nihoyasiga yetdi

Kecha kunning birinchi yarmida О‘zbekiston Badiiy akademiyasi hovlisida Haykaltaroshlik ta’lim yо‘nalishi talabalarining BMI himoyalari о‘tkazilib, unda sо‘zga chiqqan institut rektori Abbosjon Mirzoraximov hamda О‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur yoshlarni himoya bilan tabriklar ekan, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng kо‘lamli bunyodkorlik ishlarida haykaltaroshlarning ham hissasi beqiyos ekanini, о‘z navbatida bugungi bitiruvchilar uchun ijodiy ishlarini bevosita Badiiy akademiyaning hovlisiga о‘rnatishlari ijod olamiga yana bir qadam ekanligini ta’kidlab, barcha bitiruvchi yoshlarga omad tilashdi.

Talabalar tomonidan ishlangan “Milliy an’analar”, “Sozanda”, “Bolalik”, “Borliq о‘lchovi”, “Oila”, “Ona mehri”, “Virus” va boshqa kо‘plab ishlarni kuzatar ekansiz, milliy san’atimizda о‘ziga xos fikr va dunyoqarashga ega ijodkorlarning shakllanayotgani, ularning ijodga va hayotga bо‘lgan qaras’halarida zamonaviylik, uning yutuq va muammolari yaqqol aks etayotganiga guvoh bо‘lasiz.

Kunning ikkinchi yarmida esa Markaziy kо‘rgazmalar zalida Mahobatli rangtasvir ta’lim yо‘nalishi talabalarining BMI himoyalari bо‘lib о‘tdi. Ushbu himoyalarda ham boshqalaridan farq qilmagan holda “Jang”, “Ijod sehri”, “Yoshlar ijodi”, “Sirk”, “Ijodkor yoshlar”, “Infinitiy”, “Flora va fauna” va boshqa nomdagi kо‘plab e’tiborga molik ijodiy ishlar namoyish etildi. Ushbu ijodiy asarlarda yurtimizning shonli tarixidan to Yangi О‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar tasvirini uchratishingiz mumkin. Asosiysi yoshlarning ijodga bо‘lgan munosabati, ustozlariga bо‘lgan hurmati tahsinga sazovor.

Shuni alohida e’tirof etish joizki, ushbu ijodiy ishlar aniq bir obyektlarga mо‘ljallangan bо‘lib, talabalar ayni shu obyektlarni maketlari va ijodiy ish о‘rnini ham yasaganlar. Shuning bilan Tasviriy san’at fakulteti bitiruvchilarining BMI himoyalari yakuniga yetdi. Barcha bitiruvchilarga kelgusi ijodiy, ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilagan holda, jahon darajasidagi yetuk ijodkor-mutaxassis bо‘lib yetishishlariga ishonch bildirib qolamiz.