Rektor Abbosjon Mirzorahimovning 2022-yil 20-maydagi 113-sonli buyrug‘i ijrosi yuzasidan

Avval xabar berganimizdek, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Abbosjon Mirzorahimovning tashabbusi va 2022-yil 20-maydagi 113-sonli buyrug‘i bilan “Mo‘ynoq rassomlar nigohida: kecha va bugun” loyihasini amalga oshirish maqsadida Tasviriy san’at fakultetining 16 nafar talabasi  2 nafar professor-o‘qituvchilar hamrohligida Mo‘ynoq tumanida ijodiy safarda bo‘lib qaytishdi.

Safardan qaytgan talabalar Mo‘ynoq tumanining bugungi manzarasini bor bo‘y-basti bilan namoyon eta oladigan ijodiy ishlarini institut rektori hamda ustozlariga namoyish etishdi. Talabalar ham ushbu ijodiy safarni tashkil etib, ularning ijod qilishlariga imkoniyat yaratib bergani uchun institut rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishar ekan, ularning ko‘zlaridagi hayojonni ko‘rib,  safar taassurotlari bilan qiziqdik.

E’tiboringizga Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti “Dastgohli rangtasvir” yo‘nalishi 3-bosqich talabasi G‘olib Xolmurodovning safar taassurotlari va yil yakuni arafasida erishgan yutuqlari haqidagi fikrlari bilan tanishasiz.

G‘olib XOLMURODOV,

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Dastgohli rangtasvir yо‘nalishi 3-bosqich talabasi:

–  Biz Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining bir guruh talabalari bir hafta davomida  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mо‘ynoq tumanida ijodiy safarda bо‘lib qaytdik. Shu bir hafta davomida biz haqiqiy ijod olamiga sayr qildik. Tabiat gо‘zalligidan, ajoyibotlaridan bahra oldik, ularning ta’sirida ilhomlanib, rasmlar chizdik. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bu ijodiy safar institutimizning homiyligi ostida tashkil etildi va talabalar uchun zarur bо‘lgan barcha sarf-xarajatlar tо‘liq tо‘lab berildi. Shu о‘rinda institut rahbariyatiga о‘z minnatdorchiligimni bildirar ekanman, talabalarga qilinayotgan bunday e’tibor va rag‘batlardan kо‘nglimiz tog‘dek kо‘tarilayotganini faxr bilan aytgim keldi…

– Mо‘ynoq tumanida  chizilgan birinchi rasmimni “Orolda” deb nomladim. Bu asarda men ataylab neytral holatda kemani yerga nisbatan och rangda oldim va ijodiyroq yondoshishga harakat qildim.  Ushbu rasm bevosita Orol dengizining hozirgi suvi kamayib borayotganligini kо‘rgan holatda ishlangan. Suratdagi kishi rasm chizayotganimizni kо‘rib, yonimizga  qiziqib keldi va iltimosim bilan naturshik bо‘lib о‘tirib berdi. Rasm chizish jarayonida bu inson yoshligida Orol dengizining suvi kо‘p bо‘lganligini sog‘inib esladi, dengiz bilan bog‘liq xotiralarini о‘zgacha kayfiyatda sо‘zlab,  Orol dengizida hozirgi kunga qadar bо‘lgan о‘zgarishlarni xо‘rsiniq bilan aytib berdi. Men esa aziz xotiralardan ilhomlangan holda u insonning ichki kechinmalarini ranglar orqali yoritishga intildim. Suratdagi kemalar esa avval bu yerlarda suv bо‘lganligini va hayot qanchalik gurkiraganligidan dalolat berib turibdi. Suratning о‘ng tomonidagi detal ham kemaning bir qismi hisoblanib, yillar davomida shunday ahvolga kelib qolgan…

Hafta davomida biz Mо‘ynoq tumanining “Kemalar qabristoni” deb nomlanadigan  ajoyib bir maskaniga ham bordik. Borishimiz bilan men rasm chizish uchun eng chiroyli joyni qidirdim. Qarshimda katta kema turardi. Bir qarashda uning tepasiga chiqishni iloji yо‘qday edi. Ammo bir  amallab kemaning tepasiga chiqdim. Aynan о‘sha tepadankо‘ringan  manzaraning betakrorligi meni  hayratda qoldirdi. Mо‘ynoqning bir tomonida  sahro –  saksovullar, sal narida esa shahar manzarasi. Bu –  haqiqatdan ham yangilanib borayotgan Mо‘ynoq tumani edi.

– Men Mо‘ynoq tumanidagi safarim davomida 7 ta – “Orolda”, “Yolg‘iz kema”, “Orol bо‘ylab”, “Orol fojeasi”, “Kо‘k yо‘l”, “Rivojlanayotgan Mо‘ynoq” va “О‘tmishni eslab” nomli rasmlarni chizdim. Ularda Orol dengizining qurigan qismi, qator bо‘lib tizilib turgan  kemalar, suvi salqin, kо‘rinishi kо‘m-kо‘k kо‘l tasviri aks etgan. Ayniqsa “Yolg‘iz kema”ni о‘zgacha bir kayfiyatda, tо‘lqinlanib chiqdim. Sahroda kо‘pgina kemalar bor edi-yu, negadir meni aynan shu kema qiziqtirib qо‘ydi. Unda men yolg‘iz qolgan mayus inson obrazini kо‘rdim. Kemaning biroz egilib turishi ham bu obrazni yanada ochib beradi deb о‘yladim. Kemaning о‘ng tomonidagi tuya soyasi esa najot sifatida tasvirladim.

Hozirgi kunda davlatimiz rahbari tomonidan respublikamizning barcha joylarida bunyodkorlik, qurilish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Sayyohat davomida biz Qoraqalpog‘istonda ham xuddi shunday qurilish ishlari davom etayotganini, xususan Mо‘ynoq tumani ham yildan yilga chiroy ochib borayotganiga о‘z kо‘zimiz bilan guvoh bо‘lib keldik. Hafta davomida  turli davlatlardan tinimsiz kelayotgan sayyohlarni va ularning kо‘zlaridagi hayratlarini kо‘rib yurtimizning gо‘zal maskanlari bilan faxrlandik. Bu yer tom ma’noda zamonaviy shaharga aylantirilgan, aholisi ham hayotidan mamnun ekan.

– Men shu bir oy ichida inson orzulariga yetishishi uchun harakat qilsa, amalga oshishi mumkinligiga, astoydil intilsa,  tole unga doimo hamroh  bо‘lishiga chin dildan amin bо‘ldim. Sayohatdan qaytganimizdan sо‘ng 6-12 iyun kunlari Toshkent shahar hokimligi tomonidan “Toshkent san’at festivali” bо‘lib о‘tdi. Festivalning 10-iyun kuni Botanika bog‘ida “500 ta rassom” tanlovi tashkil  qilindi. Unda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Benkov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi, Respublika dizayn kolleji, Bolalar  musiqa va san’at  maktabi yoshlari ishtirok etishdi. Tanlov shartiga kо‘ra yosh rassomlar “Toshkent” mavzusida rasm chizishlari kerak edi. Men ham berilgan vaqt davomida ushbu rasmni chizdim va kuchli о‘ntalikdan joy olib esdalik sovg‘asi va sertifikat bilan taqdirlandim.

 

Mamnuniyat bilan ayta olmanki, bu о‘quv yilim ajoyib yakunlandi. Yangi о‘quv yilida esa yangi yutuq, yangi zafarlarga erishish uchun ham astoydil harakat qilaman.