“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!”

Bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida yangi 2022-2023 o‘quv yili boshlanishi hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 31 yilligi bayrami munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostidagi “Talabalikka bag‘ishlov” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbiri bo‘lib o‘tdi! Tadbir boshida Davlat madhiyasi yangradi!

 

 

Ma’naviy-ma’rifiy kechani  Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Abbosjon Mirzorahimov ochib berdi va eng ulug‘, eng aziz bayram – davlatimiz Mustaqilligining 31 yilligi bayrami munosabati va yangi o‘quv yili bilan barchani chin qalbdan muborakbod etib, bu yil talabalikka qabul qilingan yoshlar yurtimiz nomini o‘z iqtidor va iste’dodlari bilan dunyoga yana-da ko‘proq tanitishlariga  ishonaman, deya ta’kidladi.  

 

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi, professor Akmal Nur so‘zga chiqib,   Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida madaniyat va san’at sohasida o‘zining ko‘p yillik samarali mehnati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, fidoiy mehnatlari evaziga Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir qator professor-o‘qituvchilar va soha vakillari va talabalik baxtiga erishgan barcha yoshlarni ushbu quvonchli kun bilan qutladi.

 

Tadbir davomida  O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, “Dastgohli rangtasvir” kafedrasi professori, faxriy ustoz Fayzullaxon Ahmadaliyevni  “O‘zbekiston Respublikasi Xalq rassomi” faxriy unvoni bilan, institutning Amaliy san’at va dizayn fakulteti “Amaliy grafika va badiiy fotografiya” kafedrasi dotsenti, faxriy ustoz Serik Pirmatovni  “Do‘stlik” ordeni bilan muborakbod etildi.

 

Shuningdek, joriy yilda institutimizda tahsil olish mobaynida o‘zining faolligi va intiluvchanligi bilan  nufuzli davlat mukofotlari va  stipendiyalarga sazovor bo‘lgan iste’dodli talaba-yoshlar:

 “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohibasi Nilufar Ahmadaliyeva, “Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi”  sovrindorlari – Asliddinxo‘ja Hotamov, Madinabonu Abdumo‘minova, Asadbek Rahmatullayev, Shahzod Bahodirov, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi” sovrindori Mahliyoxon Umurzoqova, “Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi” sovrindori Maftuna Toshtemirova,  “Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi” sovrindori Hilola Yo‘ldosheva va  “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi Tursunmurod Musirmonovlarlarni ulkan yutuqlari bilan tabriklab, ularning kelgusidagi o‘qish va ishlarida hamisha omad yor bo‘lishini tilab qolishdi. 

 

Joriy o‘quv yilida talabalik baxtiga sazovor bo‘lgan barcha 1-bosqich talabalariga institutining ramziy kalitini taqdim etildi! Ramziy kalitni 1-bosqich talabasi Malika Kamaritdinova qabul qilib oladi.

 

Tadbir davomida elimiz ardog‘idagi xushovoz xonanda Azamat Sharipov  ijrosida bir-biridan ajoyib, go‘zal taronalar yangradi.

Tadbirdan so‘ng  institutga o‘qishga qabul qilingan 1-bosqich talabalari bilan  “Mustaqillik darslari” o‘tkazildi.

 

 

 MRDI Matbuot xizmati