Iqtidorli yoshlar – millat g’ururi, mamlakat tayanchi!

Iqtidorli yoshlar — millat g‘ururi, mamlakat tayanchi!

 

2022-yilning 8 sentabr kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda bir qator iste’dodli yoshlar ishtirokida  “Iqtidorli yoshlar — millat g‘ururi, mamlakat tayanchi” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

 

Anjumanni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori o‘rinbosari Nasiba Xoldorova kirish so‘zi bilan ochib berdi.  So‘ngra  Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mutaxassislari Otabek Dusyarov va Sabohat Jumaniyozovalar so‘zga chiqib, bugungi kunda yurtimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom, vatanparvar va fidoyi etib tarbiyalash, huquq va manfaatlarini himoya qilishga e’tibor  o‘sib borayotgani borasida so‘z yuritdilar.

 

Tadbirga qo‘shiqchilik, sozandalik, rassomchilik, sport va boshqa turli yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro va respublika tanlovi g‘oliblari, davlat mukofoti sovrindorlari bo‘lgan yoshlar tashrif buyurib, o‘zlarining yutuqlari, faoliyatlari haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek, o‘zlarining ijod namunalari — kuy-qo‘shiqlari va san’at asarlari bilan yig‘ilganlarni bahramand yetdilar.

 

Mazkur tadbirda  Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining iqtidorli talabalari – Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi sohibi Asliddinxo‘ja Hotamov, “Mard o‘g‘lon”  davlat mukofoti sohibi Fazliddin Anvarov, “Zulfiya” nomidagi davlat mukofoti sohibasi Nilufar Ahmadaliyevalar ham ishtirok etishdi.

 

“SunArt group” MCHJ (rassomlar ijodiy guruhi) direktori, Barkamol avlod bolalar markazi o‘qituvchisi Javohir Niyozov ijodkorning mas’uliyati, hayot yo‘li, yoshlarimiz uchun yaratilib berilayotgan imtiyozlar haqida fikr-mulohaza bildirdi.

 

Qizg‘in savol-javoblar asosida o‘tgan davra suhbatida iqtidorli talaba-yoshlar kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandilar.

 

 

MRDI matbuot xizmati