“Talabalar oqshomi” ma’naviy-badiiy tadbiri

Kuni kecha Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Talabalar turar joyida Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, xalqimiz ardog‘idagi iste’dodli va taniqli shoira Guljamol Asqarova ishtirokida navbatdagi “Talabalar oqshomi” ma’naviy-badiiy kechasi tashkil etildi.

 

“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan tadbir avvalida institutning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Ozoda Hakimova so‘zga chiqib, talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish, badiiy-ijodiy salohiyatlarini yana-da rivojlantirishlari uchun soha mutaxassislari ishtirokidagi ochiq muloqotlarni tashkil etilayotganligi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

 

Tadbir mobaynida talabalar shoira Guljamol Asqarovaning hayoti, sermahsul ijodi bilan kengroq tanishish bilan bir qatorda, shoiraning hozirgi o‘zbek adabiyoti va she’riyati to‘g‘risidagi qarashlari va fikrlaridan baxramand bo‘lishdi. Iste’dodli talabalar tomonidan shoiraning she’rlaridan namunalar o‘qildi.

 

Ma’lumot o‘rnida: shoira Asqarova Guljamol Shodmanovna 1998-yilda Respublika yosh ijodkorlarining Zomin an’anaviy seminarida she’rlari e’tirof etilib, oliy o‘rinni egallagan va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti tomonidan ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ilk sohibalaridan biri hisoblanadi. “Dil fasli” (1998), “Ro‘shnolik” (2000), “Bedor qo‘ng‘iroq” (2003), “Baxt dastxati” (2004), “Uyg‘otuvchi alla” (2007), “Gulnoma” (2008), “Turnalar yo‘li” (2009), “Erkalik imtiyozi” (2012), “Oshiqlar tumori” (2013) nomli she’riy kitoblar muallifi hisoblanadi.

 

Ma’naviy-badiiy kechani tashkil etishdagi ko‘magi uchun tadbir yakunida shoiraga institut rahbariyatining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

 

 

MRDI Matbuot xizmati