“Anorli choyxona”da navbatdagi uchrashuv!

Ma’lumki, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademiklari, taniqli ijodkorlar hamda fidoiy ustozlar ishtirokida “Anorli choyxona”da uchrashuv nomi ostida turkum davra suhbatlari tashkil etilishi an’anaga aylanmoqda. Jumladan, kuni kecha ana shunday uchrashuvlardan biri O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professori, taniqli rassom Javlon Umarbekov ishtirokida tashkil etildi.

“Anorli choyxona”da uchrashuv III davra suhbati hamda “Grafika Djavlona Umarbekova” katalogi taqdimotidan iborat tadbir avvalida institut rektori Abbosjon Mirzorahimov so‘zga chiqib,  “Anorli choyxona”lar nafaqat yoshlar, balki kattalar uchun ham kerakli tadbir ekanligini,  ustoz Javlon Umarbekovning ijodiy faolligi, hayoti va ijodi har bir inson, ayniqsa, yoshlar uchun ulkan ibrat yo‘li ekanligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur “Anorli choyxona” an’anasi ayni muddao ekanligini, chunki bu yo‘l orqali ulkan ijodiy merosning yoshlarga yetkazish yanada qulay ekanligini ta’kidlab, Javlon Umarbekovning ijodi nafaqat o‘zining serqirraligi, balki falsafiy jihatlari bilan ham ahamiyatli ekanligini ta’kidlab,  ustozni  yangi katalog bilan muborakbod etdi.

Uchrashuv davomida Javlon Umarbekovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi. 

Javlon Umarbekov o‘zining ijodiy qarashlari haqida so‘z yuritar ekan, bu kabi muvaffaqiyatda avvalo, ota-onasining, ular tomonidan berilgan tarbiyaning ahamiyati yuksak bo‘lganini, doimo uni ijodini qo‘llab-quvvatlab, tushunib, sharoit yaratib berishganini so‘zlab berdi hamda ijodkor uchun ushbu omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini, shu qatorda o‘zining yutuqlarini mehnat, mehnat va yana mehnat ortidan qo‘lga kiritganini aytib, yoshlarga har lahzadan unumli foydalanish, mehnat qilishdan erinmaslik, maqsadni aniq qo‘yib, tinimsiz intilishni maslahat berib o‘tdi.

Ijodiy davra uchrashuvida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, San’atshunoslik fanlari doktori, professor Akbar Hakimov, San’atshunoslik fanlari doktori, katta ilmiy xodim, “Sanat” jurnali Bosh muharriri, loyiha moderatori Dilafruz Qodirova, San’atshunoslik fanlari doktori, professor Kamola Akilova, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, professor Sa’dulla Abdullayev, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, professor Bahodir Jalolov, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, professor Alisher Aliqulovlar ishtirok etib,  ijodkor haqida o‘zlarining samimiy fikrlari va tilaklarini bildirishdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, Javlon Umarbekovning yaratgan asarlari san’atimiz rivojiga qo‘shgan hissasi qanchalik beqiyos bo‘lishi barobarida uning yoshlarga berayotgan ta’limi asosidagi katta tajriba va malaka ibrat olishga hamda o‘rganishga arziydi. Ushbu uyg‘unlik bugun barchamiz uchun qadrli bo‘lgan mana shu uchrashuvning tashkil etilishi uchun sabab bo‘lib xizmat qilmoqda.

MRDI matbuot xizmati