Talabalar turar joyida navbatdagi Talabalar oqshomi tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Talabalar turar joyida haftaning juma kunlari turli tadbirlar hamda uchrashuvlar o‘tkazilib, talaba-yoshlarning ma’naviy hordiq olishlari, shuningdek, o‘zlariga kerakli bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘lishlari ta’minlanmoqda.

 

Xususan 7-oktabr kuni tashkil etilgan “Talabalar oqshomi” tadbiri ikki qismdan iborat bo‘ldi. Dastlabki qismida San’atshunoslik va muzeyshunoslik fakulteti “Informatika va menejment” kafedrasi tomonidan talaba-yoshlarga bugungi kunda eng dolzarb bo‘lib turgan ta’lim krediti olish, shuningdek, bank sohasida talabalar uchun foydali bo‘lgan boshqa imtiyozlar, kreditlar, to‘lash shartlari to‘g‘risida aniq ma’lumotlar yetkazildi.

 

Xususan, Xalq banki  kredit bo‘lim boshlig‘i Farrux Tog‘ayev  va shu bo‘lim xodimi Ilhom Donayevlar ta’lim kredini olish uchun kerak bo‘ladigan hujjatlar, xotin-qizlarga berilgan imtiyozlar, jumladan, ulardan foiz olinmasligi, shu bilan birga Xalq banki tizimidagi boshqa qulayliklar borasida batafsil ma’lumot berib o‘tishdi.

Shundan so‘ng Tasviriy san’at fakultetining “Teatr bezagi rangtasviri” kafedrasi tomonidan “Badal” nomli film namoyish etildi hamda mazkur film rejisyori Sherali Ortiqov bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Ta’kidlash o‘rinliki, Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda suratga olingan mazkur film syujeti vatanparvarlik, yot va buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash, haqiqatning muqarrar g‘alabasi kabi ezgu g‘oyalar asosiga qurilgan bo‘lib, yoshlar qalbida Vatanga bo‘lgan muhabbat mardlik va shijoat kabi hislatlarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu filmda institutning “Teatr bezagi rangtasviri” kafedrasi mudiri San’at Kenjayev rassom sifatida faoliyat yuritgan.

 

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Ozoda Hakimova film voqealari yoshlar qalbiga chuqur kirib bora olganini, ular o‘tgan bir soatdan oshiq vaqt davomida qahramon bilan birga quvonib, birga qayg‘urganini, shuning o‘ziyoq ijodkorning yutug‘i ekanligini alohida qayd etib,  mehmonga minnatdorchilik bildirdi. 

 

San’at Kenjayev mahoratli rejissyor va BMB Trade Group kompaniyasi bosh direktori maslahatchisi Sherali Ortiqovga institut rektori  Abbosjon Mirzorahimovning minnatdorchiligi hamda tashakkurnomasini yetkazdi.

 

MRDI matbuot xizmati