Navbatdagi “Talabalar oqshomi” kechasi san’at terapiyasi mavzusida o‘tkazildi.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Talabalar turar joyida har hafta o‘tkazilishi an’anaga aylangan “Talabalar oqshomi” ma’naviy-badiiy kechasi bu safar o‘zgacha tarovatda tashkil etildi. “San’at tarixi va nazariyasi” kafedrasi mudiri Nigora Kultasheva tashabbusi bilan kafedra professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan kechada Talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan talaba-qizlarga Art-terapiya mavzusida amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.

Art terapiya – san’at va ijodkorlikdan foydalanishga asoslangan psixoterapiya va psixologik korreksiyaning yo‘nalishlaridan biridir. So‘zning tor ma’nosida art-terapiya odatda mijozning psixo-emotsional holatiga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan vizual art terapiyani anglatadi.

Art-terapiyaning asosiy maqsadi o‘zini namoyon qilish va o‘zini o‘zi bilish qobiliyatini rivojlantirish orqali ruhiy holatni uyg‘unlashtirishdir. San’atdan terapevtik maqsadlarda foydalanishning ahamiyati shundaki, u turli xil his-tuyg‘ularni: sevgi, nafrat, xafagarchilik, g‘azab, qo‘rquv, quvonch va boshqalarni ramziy ravishda ifodalash va o‘rganish uchun ishlatilishi mumkin. “Talabalar oqshomi” davomida talaba-yoshlar uchun o‘z-o‘zini nazorat qilish, ijodkorlikni rivojlantirish, fikrlarni boshqarish, agressiya va boshqa salbiy his-tuyg‘ulardan xolos bo‘lishga qaratilgan o‘yinlar tashkil etildi.