Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy san’at va dizayn fakulteti 2-bosqich talabasi Muhammadqodir Tillaqo‘ziyev endigina 19 yoshga to‘ldi.
“Men bolaligimdan yog‘och o‘ymakorlari ichida katta bo‘ldim va ularning tajribalariga suyanib, mehrli ta’limlarini o‘rgandim. Milliy va an’anaviy san’at turlarimizdan biri hisoblangan yog‘och o‘ymakorligining nafis olamiga olib kirgan, uning sir-asrorlarini o‘rgatgan inson, birinchi ustozim padaribuzrukvorim bo‘ladilar. Yoshligimdan yog‘och o‘ymakorligi ustalaridan nafis san’at sirlarini o‘rgana boshladim. Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabida o‘qib yurgan kezlarimda “Eng yaxshi bolalar murabbiysi” unvoniga sazovor bo‘lgan G‘ulomjon Yo‘ldoshevdan o‘ymakorlik san’ati sirlarini yana-da mukammal o‘rgandim”, deydi faxr bilan Muhammadqodir.