Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan «Рождественская Москва» IV– Xalqaro festivali Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Haykaltaroshlik mutaxassisligi 1-bosqich magistranti Tohirjon Ahmedov faxrli 1-o‘rin hamda Oltin medal va Kubok sohibi bo‘ldi. Institut jamoasi Tohirjon Ahmedovni ushbu muvaffaqiyat bilan muborakbod etadi va kelgusidagi ijodiy faoliyatiga ulkan zafarlar hamroh bo‘lishini chin dildan tilab qoladi.
Tohirjon AHMEDOV:
Men bu yutuqqa shunchaki erishmadim. Oʻz ustimda tinimsiz ishladim va izlandim. Hozir juda hayajonli va quvonchli ondaman. Bugun ota-onam, ustozlarim va institutim oldida yuzim yorugʻ boʻldi. Meni uzoqdan duo qilib turgan ota-onam, ustozlarim, doʻstlarim va barcha yaqinlarimga oʻz minnatdorligimni bildiraman. Bizdek yoshlarni qoʻllab-quvvatlab, har tomonlama yordam berib, toʻgʻri yoʻl koʻrsatayotgan ustozlarimga, safar xarajatlarini toʻlashga koʻmaklashgan institut rahbariyatiga samimiy tashakkurimni aytmoqchiman. Institutim – men uchun qadrli dargoh. U yerdagi ustozlarim esa yoʻlimni yoritguvchi nurdir! Ayni damda olis yurtdaman. Lekin hozirdanoq qadrli dargohimni, koʻnglimga yorugʻlik ulashguvchi nurlarni – ustozlarim va ota-onamni sogʻina boshladim. Gurur bilan shuni ayta olamanki, men oilam, ustozlarim, doʻstlarim, kursdoshlarim va institutim bilan faxrlanaman!