O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga murojaatnomasi – mamlakat siyosiy hayotidagi eng muhim voqea.

Ma’lumki, 2017-yildan buyon an’anaga aylangan bu tadbirda tugayotgan yildagi asosiy ko‘rsatkichlar, yangi yilga mo‘ljallangan maqsad va vazifalar e’lon qilinadi. 2022-yilning 20-dekabr sanasida yurtimiz siyosatidagi muhim voqe’lik hisoblangan navbatdagi Prezident murojaatnomasi bo‘lib o‘tgan edi. Shu munosabat bilan bugun Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Ijtimoiy fanlar, pedagogika va kasbiy ta’lim” kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirokida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi.

 

Seminarni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektor Botir Sangirov ochib berar ekan, yurtimiz rivojlanishining yangi davrida ulkan o‘zgarishlar yuz berayotgani to’g’risida fikr-mulohazalarini bildirib o’tdi.

Seminar mobaynida, kafedra dotsenti Baxtiyor Ma’rufboyev tomonidan 2023-yildagi ustuvor yo‘nalishlar deya e’tirof etilgan yo‘nalishlar va maqsadlar to‘g‘risida talabalarga ma’lumotlar berildi. Xususan, ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimiga o‘tish, “Ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurilishi ko‘zda tutilgan yangi jamiyatimiz, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi, ekologiya, ayniqsa, suv masalalari global muammoga aylanib borayotgani, erkin bozor mexanizmlarini joriy qilish, sog‘lom raqobat va xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari hamda iqtisodiyotga mahalliy va xorijiy xususiy investitsiyalarni ko‘paytirish yuzasidan ilgari surilgan maqsadlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.