🔆 NAVOIY TURK NAZMINING SIYMOSI.

Mutafakkir bobomiz hazrat Alisher Navoiyning bebaho ilmiy-ijodiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida ham alohida o‘rin tutadi. Zero, alloma asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalar, ona tilimizning cheksiz ifoda imkoniyatlari butun jozibasi bilan namoyon etilib, millionlab kitobxonlarni ezgulikka, ilm-ma’rifatga, komillikka chorlab kelmoqda. Shu bois hazrat Navoiy nafaqat turkiy xalqlar, balki butun bashariyatning buyuk ijodkoridir. Yoshlarga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, kitobxonlikni targ‘ib qilish, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish maqsadida, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Besh muhim tashabbus” ijrosi yuzasidan, Hazrat Alisher Navoiyning 582 yilligi munosabati bilan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Talabalar turar joyida “Navoiy turk nazmining siymosi” mavzusidagi ma’naviy tadbir kechasi tashkil etildi.

Institut Xotin-qizlar мaslahat kengashi raisi Sevara Jumayeva, fakultet kengashi raislari Feruza Hasanova hamda Salomat Isakulovalar tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir kechasida talaba-yoshlar tomonidan Navoiyning hayot yo‘li va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar, ruboiy va g‘azalxonlik bahru-baytlari va milliy raqslar namoyishi o‘ziga xos kayfiyatda o‘tkazildi. Shuningdek, kecha mobaynida Tasviriy san’at fakultetining ijodkor talaba-qizlari tomonidan Navoiy portreti chizildi.

Shubhasiz, bugungi zamonaviy o‘zbek tilining asosi Alisher Navoiy ijod etgan turkiy til yoki O‘rta Osiyo chig‘atoy tili hisoblanadi. Zahiriddin Muhammad Bobur ta’biri bilan aytganda, “Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘p aytgon emas”. 

 “Navoiy turk nazmining siymosi” mavzusidagi ma’rifiy tadbir yakunida faol ishtirok etgan yoshlar sertifikat va sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.