⚡️TALABALAR OQSHOMI⚡️

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida, haftaning har juma kunida “Talabalar oqshomi” ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarini o‘tkazish an’anaga aylangan. Bugun institutning Dizayn fakulteti tyutorlari boshchiligida ulug‘ bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan she’riyat kechasi o‘tkazildi.

She’riyat kechasida ulug‘ siymo, shoir, alloma va mutafakkir hisoblangan  Boburning hayot yo‘li va ijodiy faoliyati yodga olinar ekan, talabalar tomonidan aytilgan g‘azallari kecha mobaynida maroq bilan tinglandi.

She’riyat kechasida ayniqsa, institutning Amaliy san’at fakulteti 3-bosqich talabasi, o‘zining badiiy ijod faoliyatidagi natijalari bilan o‘z muhlislariga ega bo‘lib borayotgan yosh umidli shoir Erkinjon Xojimamatovning quvnoq va dilxush she’rlari talaba-yoshlarga o‘zgacha zavq va kayfiyat bag‘ishladi.

Kecha mobaynida faol bo‘lgan barcha yoshlarga badiiy kitoblar sovg’a qilindi. Zero, she’riyatga oshno qalbgina ma’naviyat gulbog‘ida sayr etgan kabi ulkan ruhiy quvvat olishiga ishonchimiz komil.