MEHRNING NIGOHI – NAVBATDAGI QADAMLAR

Xabaringiz bor, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tomonidan Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablarda “Mehrning nigohi” nomi ostida imkoniyati cheklangan, nogiron oʻquvchilar uchun xayriya tadbirlari, mahorat darslari tashkil etib kelinmoqda. Kuni kecha Yunusobod tumani Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 87-maktabda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Oʻzbekiston xalqaro Islom akademiyasi tasarrufidagi “Ziyo-zukko taʼlim maskani” muassasasi bilan hamkorlikda “Xush kelding, Bahor, Xush koʻrdik, Navroʻz” nomli madaniy-maʼrifiy xayriya tadbiri oʻtkazildi.

Tadbirda Tasviriy sanʼat fakulteti Yoshlar bilan ishlash boʻyicha dekan oʻrinbosari Salim Madartov, tyutorlar – Salomat Isakulova, Zarina Mamatqulova, Doniyor Mullajonov, Nilufar Abdullayeva va 20 dan ortiq talabalar tomonidan imkoniyati cheklangan bolajonlar uchun haykal yasashning tartib-qoidalari, rasm chizish va boʻyashda ranglardan toʻgʻri foydalanish, turli-tuman taqinchoqlar yasash jarayonilaridan namunalar koʻrsatgan holda bir-biridan qiziqarli mahorat darslari tashkil etildi.

Toshkent shahar Yunusobod tumani Alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 87-maktab o‘quvchilarining dars jarayonida tayyorlagan qo‘l ishlaridan namunalar.

Asliddinxoʻja HOTAMOV,

Tasviriy sanʼat fakulteti 4-bosqich talabasi:

–  Bu tadbir “Mehrning nigohi” nomi ostida tashkil qilinayotgan ezgulikning navbatdagi qadami boʻldi. Biz bundan avval ham institutdagi ustozlarim boshchiligida kursdoshlarim bilan bir qancha  imkoniyati cheklangan bolalar maktabida mahorat darslarini oʻtib kelganmiz. Bizning asosiy maqsadimiz shunday  xayrli tadbirlarda ishtirok etib, sogʻligʻida nuqsoni boʻlgan uka-singillarimizning koʻnglini koʻtarish, ularga oz bo‘lsa-da quvonch ulashishdir. Menga taʼsir qilgani shu boʻldiki,  maktab oʻquvchilari bizni juda koʻtarinki ruhda qabul qilishdi.  Hattoki,  tadbir yakunlanishini, bizni ketishimizni  xohlashmadi.  Biz ularga bundan keyin mahorat darslarini oʻtish tez-tez kelib turamiz, deya tushuntirdik. Tadbirda bolajonlardagi cheksiz quvonchni koʻrib   koʻnglim shu qadar yorishib ketdi-ki,  buni soʻz bilan tushuntira olmayman.

Zulfiya YO‘LDOSHEVA,

 87-maktabning maʼnaviyat va maʼrifat masalalari boʻyicha direktor oʻrinbosari:

 

Mazkur maktabda aqliy rivojlanishida nuqsoni boʻlgan, turli tashxis va darajadagi bolalar taʼlim olishadi. Bunday bolalarga koʻproq qoʻl mehnati bilan amalga oshiriladigan ishlarni bajarish qulay. Bugun bolalarning koʻzlarida quvonch porladi. Aka-opalarining yonidan ketolmay qolishdi. Kuzatib, qarab turdim. Talabalar har bir oʻquvchining istagiga qarab, ular xohlagan rasmlarni chizib, haykallar yasab berishdi. Bu institutda taʼlim olayotgan har bir talaba vatanimiz koriga yaraydigan insonlar boʻlishiga ishonaman. Oʻylanmanki, hali hamkorlikda koʻp ishlarni amalga oshiramiz. Shuni taʼkidlashni istardimki, aynan ana shunday qalbidaryo, isteʼdodli talabalarimiz yoshlarimiz uchun ibrat va namunadir!

Guliraʼno AZIMOVA,

Аlohida taʼlimga ehtiyoji bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan bolalar 87-maktab direktori:

– Bugun maktabimizga Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti ustoz tyutorlari, bir-biridan isteʼdodli talabalari oʻz ijod namunalari bilan qatnashdilar. Bu yerda taʼlim olayotgan imkoniyati cheklangan bolalarga sanʼat sirlarini oʻrgatish bilan cheklanmay, oʻz ijod namunalarini sovgʻa qilishgani judayam quvonarli hol boʻldi. Men bu yerga kelgan talabalarni kuzata turib shuni angladimki, ularning samimiy qalblari mehr-muruvvatga toʻla. Ertamiz  mana shu yoshlar qo‘lida ekan, bugun mening koʻnglim togʻdek koʻtarildi.  Faxr bilan shuni ayta olamanki, aynan mana shunday yoshlar bizning kelajagimiz uchun qaygʻurishadi. Men maʼnaviyati boy, madaniy merosini qadrlaydigan, oʻtayotgan bugunidan unumli foydalanib, ertasiga ishonch bilan poydevor qoʻyayotgan mana shunday mehr-oqibatli yoshlarimiz borligidan gʻoyatda mamnunman!