Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy san’at va dizayn fakulteti 2-bosqich talabasi Muhammadqodir Tillaqo‘ziyev endigina 19 yoshga to‘ldi.
“Men bolaligimdan yog‘och o‘ymakorlari ichida katta bo‘ldim va ularning tajribalariga suyanib, mehrli ta’limlarini o‘rgandim. Milliy va an’anaviy san’at turlarimizdan biri hisoblangan yog‘och o‘ymakorligining nafis olamiga olib kirgan, uning sir-asrorlarini o‘rgatgan inson, birinchi ustozim padaribuzrukvorim bo‘ladilar. Yoshligimdan yog‘och o‘ymakorligi ustalaridan nafis san’at sirlarini o‘rgana boshladim. Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabida o‘qib yurgan kezlarimda “Eng yaxshi bolalar murabbiysi” unvoniga sazovor bo‘lgan G‘ulomjon Yo‘ldoshevdan o‘ymakorlik san’ati sirlarini yana-da mukammal o‘rgandim”, deydi faxr bilan Muhammadqodir.
Institutimizning iste’dodli va izlanuvchan talabasi shu kunga qadar tuman, viloyat va respublika miqyosida bo‘lib o‘tgan bir qator ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallagan. 2016-yil Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan o‘smir yoshdagi bolalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan hunarmandlar musobaqasida 1-o‘rinni egallagan. 2021-yilda bo‘lib o‘tgan “Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali”da amaliy san’at yo‘nalishida Oltin medal bilan taqdirlangan. 2021-yilda institut tashabbusi bilan o’tkazilgan “Yangi O‘zbekiston mening nigohimda” nomli tanlovda ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rin sohibi bo‘lgan. Bundan tashqari Muhammadqodir bir nechta xalqaro festival va ko‘rik-tanlovlarda faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarga sazovor bo’lgan.