⚡️Iste’dodli yoshlarimizning ijodiy ko‘rgazmalari⚡️

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Toshkent fotosuratlar uyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy sanʼat va dizayn fakulteti 3-bosqich talabasi Guliruh Normahmatova hamda 2-bosqich talabasi Muhammadqodir Tillaqoʻziyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligiga bagʻishlangan shaxsiy koʻrgazmalari bo‘lib oʻtdi.

 

Koʻrgazmani institutning Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Botir Sangirov ochib berdi va isteʼdodli va serqirra talabalarning ilk shaxsiy koʻrgazmasi bilan muborakbod etgan holda institut rektori Abbosjon Mirzorahimovning tabrigini bildirdi. Ko‘rgazmada Oʻzbekiston xalq ustasi, akademik Sirojiddin Rahmatullayev, Oʻzbekiston respublika Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Aziza Mamatovalar ham ishtirok etib, ijodkorlarning ilk koʻrgazmasi bilan samimiy muborakbod etishdi.

Guliruh Normahmatova 2003-yil 29-yanvarda Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanida tugʻilgan. 2019-yil Toshkent shahridagi Respublika ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatini “Naqqoshlik” mutaxassisligi boʻyicha qizil diplom bilan tamomlagan. Shu yili Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy sanʼat va dizayn fakultetiga oʻqishga qabul qilingan. Hozirgi kunda “Amaliy sanʼat asarlarini taʼmirlash” yoʻnalishining 3-bosqich talabasi.

 

– Bugun oilamiz uchun quvonchli kun! Qizim Guliruh oʻzining ilk shaxsiy koʻrgazmasini oʻtkazmoqda. Oʻylanmanki kelgusida qizim bu boradagi bilimini yana-da mukammallashtirib, yurtimiz madaniy merosini asl holicha,  bor goʻzalligi bilan saqlanishiga,  sayqallanishiga oʻz hissasini qoʻshadi. Shu oʻrinda institutda ta’lim berayotgan, oʻz bilim va malakasini ayamay yoshlarga yoʻl-yoʻriq koʻrsatayotgan ustozlarga, koʻrgazma tashkilotchilariga oʻz minnatdorligimni bildiraman, – dedi Guliruhning dadasi Shuhrat Suyunov.

Guliruh naqqoshlik yoʻnalishi boʻyicha xalqaro tanlov va koʻrgazmalarda faol ishtirok etib, bir nechta diplom, sertifikat va medallarga sazovor boʻlgan. 2017-yilda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilgan Tasviriy va amaliy sanʼat festivalida Kumush medal bilan,  2018-yilda esa Oltin medal bilan taqdirlangan. Shuningdek, 2018-yilda Italiya elchixonasi tomonidan tashkil etilgan “ANGELI” deb nomlangan bolalar xalqaro rassomchilik tanlovida 2-oʻrinni egallagan va maxsus kubok bilan taqdirlangan. Shuningdek, Guliruh Normahmatova 2019-, 2021-yillarda Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilgan Xalqaro Tasviriy va amaliy sanʼat festivallarida “Amaliy sanʼat” yoʻnalishida ishtirok etib, maxsus sertifikatlarga sazovor boʻlgan. 2021-yilda “Grand taʼlim” oʻquv markazida tashkil etilgan tanlovda oʻzining ijodiy ishlari bilan qatnashib tashakkurnoma va maxsus kubok bilan taqdirlangan.

Tillaqoʻziyev Muhammadqodir 2003-yil 6-fevralda Fargʻona viloyati Buvayda tumanida tugʻilgan. 2019-yil Buvayda tumanidagi 30-umumiy oʻrta taʼlim maktabini tamomlagan. 2019-yil Toshkent shahridagi “Respublika ixtisoslashgan dizayn maktabining “Yogʻoch oʻymakorligi usta rassomi” mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga kirgan. 2021-yil Respublika ixtisoslashgan dizayn maktabini tamomlagan va shu yili Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy sanʼat fakultetiga oʻqishga qabul qilingan. Hozirgi kunda “Amaliy sanʼat asarlarini taʼmirlash” ta’lim yoʻnalishi 2-bosqich talabasi.

“Men bolaligimdan yog‘och o‘ymakorlari ichida katta bo‘ldim va ularning tajribalariga suyanib, mehrli ta’limlarini o‘rgandim. Milliy va an’anaviy san’at turlarimizdan biri hisoblangan yog‘och o‘ymakorligining nafis olamiga olib kirgan, uning sir-asrorlarini o‘rgatgan inson, birinchi ustozim padaribuzrukvorim bo‘ladilar. Yoshligimdan yog‘och o‘ymakorligi ustalaridan nafis san’at sirlarini o‘rgana boshladim. Respublika ixtisoslashtirilgan dizayn maktabida o‘qib yurgan kezlarimda “Eng yaxshi bolalar murabbiysi” unvoni sohibi G‘ulomjon Yo‘ldoshevdan o‘ymakorlik san’ati sirlarini yana-da mukammal o‘rgandim”, dedi Muhammadqodir.

 

– Oʻgʻlim Muhammadqodir   bolaligidan doimo yonimda hamroh boʻlib, qilayotgan ishlarimni sinchkovlik bilan kuzatardi va o‘rganardi. Men oʻgʻlimning ilk koʻrgazmasida qatnashar ekanman, uzoq yillar davomida birgalikda izlanib,  mehnat qilganlarimiz koʻz oldimdan oʻtdi. Bugungi koʻrgazma oilamiz uchun katta yutuq, – dedi Muhammadqodirning dadasi Akmal Yusupov. Tillaqoʻziyev Muhammadqodir Yogʻoch oʻymakorligi yoʻnalishi boʻyicha xalqaro tanlov va koʻrgazmalarda faol ishtirok etib, bir nechta diplom, sertifikat va medalarga sazovor boʻlgan: Fargʻona viloyatida boʻlib oʻtgan “Bolalar va oʻsmirlar” oʻrtasida boʻlib oʻtgan Amaliy sanʼat tanlovida ishtirok etib, oʻsmirlar oʻrtasida faxrli 1-oʻrin sovrindori bo‘lgan. Shuningdek, 2019-yil Qoʻqon shahrida boʻlib oʻtgan “Xalqaro hunarmandchilik” festivalida ham faol ishtiroki uchun sertifikat bilan, 2021-yilda Badiiy akademiya tomonidan oʻtkazilgan Xalqaro “Tasviriy va amaliy sanʼat” festivalida Oltin medali bilan taqdirlangan. 2021-yilda Badiiy akademiya tomonidan oʻtkazilgan “Ijodkor yoshlar respublika tanlovi”da faxrli 1-oʻrinni egallab, oʻqishga grant asosida kirish imtiyozini qoʻlga kiritgan. 2021-yil institut miqyosida boʻlib oʻtgan “Yangi Oʻzbekiston mening nigohimda” nomli tanlovda qatnashib faxrli 1-oʻringa sazovor boʻlgan.

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy sanʼat va dizayn fakultetining iste’dodli talabalari Guliruh Normahmatova “Qadriyatlar beshigida ulgʻaygan bolangman, Vatan” nomli koʻrgazmasida 40 dan ortiq ijodiy ishlari bilan, 2-bosqich talabasi Muhammadqodir Tillaqo‘ziyev esa “Yogʻochdagi jilolar” deb nomlangan ko‘rgazmasida oʻzining yogʻochda ishlagan 25 ga yaqin ishlarini sanʼat ixlosmadlariga namoyish etishmoqda. Iste’dodli talabalarimizga bayram munosabati bilan tashkil etilgan shaxsiy koʻrgazmalari bardavom bo‘lishini tilagan holda  ularning kelgusidagi ijodiy faoliyatlarida omad hamisha hamroh bo‘lishiga tilakdoshmiz!