⚜️SHARQ SAYQALI SAMARQANDGA SAYOHAT⚜️

Yurtimizning tarixiy, ulug‘vor maskanlariga tashrif buyurgan har bir san’at ixlosmandini qalbida vatanga bo‘lgan mehr va iftixor tuyg‘ulari yanada shakllanishi, shubhasiz. Institutning Tasviriy san’at fakultetida tahsil olayotgan bir qancha guruh talabalari O‘zbekiston san’ati tarixi fani doirasida tarixiy va mardonavor shahar Samarqandi azimga sayohat qilishdi. “San’at tarixi va nazariyasi” kafedrasi dotsenti, o‘z kasbining ustasi, talabalarning sevimli ustozi Shuhrat Abdullayev boshchiligida tashkil etilgan mazkur ijodiy sayohat talaba-yoshlar uchun iliq taassurotlar bilan qarshi olindi.

Samarqandga tashrif buyursak bu muazzam shaharning yuragi bo‘lmish Registon maydoni va unda qad rostlagan uch madrasaning ko‘rki, salobatidan hayratga tushamiz. Unda XV – XVII asrlarning arxitektura ansambli joylashgan bo‘lib, uning markazi Ulug‘bek madrasasi, Sherdor madrasasi va Tillakori madrasasi hisoblanadi. Bosh maydonda joylashgan ushbu uch madrasa ansambli shahar arxitekturasi va me’morchilik san’atining noyob durdonalaridan namunadir. Sayohat mobaynida ustoz Shuhrat Abdullayev tomonidan yoshlarga shu kabi tarixiy ahamiyatga ega ma’lumotlar berildi.