Ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan institutimiz rahbariyati bugun Si’an Tasviriy san’at akademiyasiga (Xi’an Academy of Fine Arts) tashrif buyurib, akademiya kampusi, o‘quv va ijodiy jarayonlari, amaliy ustaxonalari, ta’lim infratuzilmasi hamda talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Xususan, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha auditoriyalar, ijodiy ustaxonalar hamda amaliy mashg‘ulotlarning tashkil etilishi o‘rganildi.
Mazkur akademiyaga tashrif doirasida ikki tomon rahbariyati ishtirokida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan uchrashuv o‘tkazilib, uchrashuv davomida badiiy ta’lim, tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ijodiy loyihalar va ko‘rgazmalar tashkil etish, akademik mobillik dasturlarini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim yondashuvlari hamda innovatsion texnologiyalarni ta’lim jarayoniga joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashilib, o‘zaro manfaatli tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, uchrashuv yakunida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda Xi’an Academy of Fine Arts o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va ijodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishida dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblangan Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ta’lim va ijodiy faoliyatga oid ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida amalga oshirilgan xizmat safari institutimizning xalqaro hamkorlik salohiyatini kengaytirish, mavjud aloqalarni yanada mustahkamlash hamda istiqbolli qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yo'lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.