Dastur doirasida ishtirokchilar Samarqand shahridagi dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan tarixiy maskanlardan biri — Ulug‘bek rasadxonasiga tashrif buyurib, buyuk astronom Mirzo Ulug‘bekning ilmiy merosi, yulduzlar jadvali hamda astronomiya sohasidagi noyob kashfiyotlari haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Keyingi manzil — Afrosiyob muzeyi bo‘lib, bu yerda qadimgi Samarqand tarixi, arxeologik topilmalar va noyob devoriy suratlar orqali boy madaniy meros namoyon etildi. Shuningdek, ishtirokchilarga xitoy tilidagi video lavhalar orqali qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etildi.
Sayohat davomida ishtirokchilar Shohi Zinda majmuasida ham bo‘lib, majmuaning betakror me’morchiligi, nafis koshinlari va chuqur tarixiy ruhi bilan yaqindan tanishdilar hamda Samarqandning eng gavjum va an’anaviy savdo markazlaridan biri — Siyob bozorida bo‘lib, milliy mahsulotlar, hunarmandchilik namunalari va xalqimizning qadimiy savdo madaniyati bilan yaqindan tanishdilar.
Bugungi dastur ham yuqori darajada tashkil etilib, ishtirokchilar har bir manzilni katta qiziqish bilan o‘rganishdi hamda tarix va madaniyat bilan yanada yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.