Mazkur xalqaro anjuman Zhejiang universitetining San’at va arxeologiya fakulteti hamda universitet huzuridagi YUNESKOning Buyuk Ipak yo‘li merosi markazi tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, unda turli davlatlardan olimlar, san’atshunoslar, tadqiqotchilar va madaniyat sohasi vakillari ishtirok etmoqda. Konferensiya davomida Buyuk Ipak yo‘lining tarixiy-madaniy merosini asrash, uni ilmiy jihatdan tadqiq etish, zamonaviy dizayn va san’at bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro miqyosda targ‘ib etish masalalari muhokama qilinmoqda.
Anjuman doirasida “O‘zbekistonning ipak merosi: muzey kolleksiyalaridan dizaynda jahon miqyosidagi e’tirofgacha” mavzusidagi ilmiy taqdimot alohida qiziqish bilan kutib olindi. Ushbu taqdimotda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti nomidan San’at tarixi va nazariyasi kafedrasi dotsenti Abdullayeva Shaxlo Kurbanburiyevna ishtirok etib, O‘zbekistonning boy madaniy merosi va ipak san’ati an’analarini xalqaro ilmiy hamjamiyatga tanishtirdi.
Qolaversa, O‘zbekistonning boy ipakchilik an’analari, milliy matolar, qadimiy naqsh va bezak san’ati namunalarining tarixiy ildizlari hamda ularning bugungi kunda zamonaviy dizayn yo‘nalishlarida qo‘llanilishi haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Mazkur konferensiya Buyuk Ipak yo‘li merosini asrab-avaylash, uni kelajak avlodlarga yetkazish va milliy madaniy qadriyatlarni xalqaro miqyosda tanitishda muhim ilmiy va madaniy platforma sifatida xizmat qilmoqda.