Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida 2026/2027-o‘quv yili qabuli doirasida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni yuqori saviyada, shaffof va adolatli tashkil etish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda.

 Ma’lumki, joriy yilning 7–11-iyul kunlari (shu kuni ham) institutda kasbiy (ijodiy) imtihonlar tasdiqlangan reja-grafik asosida o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan qabul komissiyasi tomonidan imtihon jarayonlarini belgilangan tartib va me’yoriy hujjatlar asosida tashkil etish, abituriyentlar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda barcha tashkiliy masalalarni puxta yo‘lga qo‘yish yuzasidan keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

 Tayyorgarlik ishlari doirasida institut rahbariyati hamda qabul komissiyasi mas'ullari tomonidan kasbiy (ijodiy) imtihonlar o‘tkaziladigan barcha auditoriyalar, nazorat punktlari, abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun tashkil etilgan kutish hududlari, tibbiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari hamda boshqa zarur infratuzilma obyektlarining tayyorgarlik holati atroflicha ko‘zdan kechirildi. 

 Shuningdek, imtihon jarayonlarini onlayn tarzda kuzatish uchun yaratilgan texnik imkoniyatlar, videokuzatuv vositalari hamda axborot-kommunikatsiya tizimlarining ishlash holati ham sinovdan o‘tkazildi.

 Shu jumladan, abituriyentlar va ularning ota-onalariga qulaylik yaratish maqsadida institut qabul komissiyasining Maslahat markazi hamda Call-center xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, murojaat qiluvchilarga qabul jarayonlari, kasbiy (ijodiy) imtihonlarni o‘tkazish tartibi va boshqa masalalar yuzasidan tezkor hamda batafsil ma'lumotlar berilmoqda.

 Institutda kasbiy (ijodiy) imtihonlarni qonuniylik, shaffoflik, adolatlilik va xolislik tamoyillari asosida tashkil etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Har bir abituriyentning bilim va ijodiy salohiyati teng sharoitlarda, belgilangan baholash mezonlari asosida xolisona baholanishini ta'minlash maqsadida barcha zarur tashkiliy va texnik choralar ko‘rilgan. Imtihon jarayonlarining ochiqligini ta'minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda barcha ishtirokchilar uchun qulay va shaffof muhit yaratish institut qabul komissiyasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

 Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti qabul komissiyasi barcha abituriyentlarga kasbiy (ijodiy) imtihonlarda muvaffaqiyat tilaydi hamda qabul jarayonlari ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillariga qat'iy rioya etilgan holda tashkil etilishini ma'lum qiladi.

 

5350301642248623909_121.jpg

5350301642248623910_121.jpg

5350301642248623914_121.jpg

5350301642248623921_121.jpg

5350301642248623919_121.jpg