Tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda institutimiz rahbariyati, Badiiy akademiya tizim tashkilotlari rahbarlari, institut professor-o‘qituvchilari, xodimlar, hamkor tashkilotlar vakillari, faxriy mehmonlar, ota-onalar hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etdi.
Bayram tadbirini institutimiz rektori Omonulla Salixov kirish so‘zi bilan ochib berib, yakuniga yetayotgan o‘quv yili davomida institut jamoasi tomonidan ta’lim, ilmiy-ijodiy faoliyat, xalqaro hamkorlik, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash borasida erishilgan muhim natijalar xususida so‘z yuritdi. Shuningdek rektor o‘z nutqi yakunida bitiruvchilarni hayotlaridagi muhim bosqich bilan samimiy tabriklab, ularning egallagan bilim va kasbiy ko‘nikmalarini yurtimiz ravnaqi, milliy tasviriy va amaliy san’at, dizayn hamda madaniy merosni rivojlantirish yo‘lida munosib namoyon etishlariga ishonch bildirib, kelgusidagi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Shu bilan birga tadbirda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuridinov so‘zga chiqib, institut jamoasi, professor-o‘qituvchilar, bitiruvchilar hamda ularning ota-onalarini ushbu unutilmas kun bilan samimiy muborakbod etdi. O‘z so‘zida mamlakatimizda san’at va madaniyat sohalarini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yosh ijodkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta’kidlab, bitiruvchilarning kelgusidagi ijodiy va kasbiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbir davomida 2025/2026-o‘quv yili davomida institut taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda institut bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan tashkilotlar vakillari, shuningdek, o‘quv, ilmiy-ijodiy, ma’naviy-ma’rifiy va jamoat ishlarida yuqori natijalarga erishgan, respublika va xalqaro tanlov hamda festivallarda faol ishtirok etgan, institut hayotida o‘zining tashabbuskorligi va faolligi bilan ajralib turgan bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari institut rahbariyatining tashakkurnoma, maxsus statuetka va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Tadbirning eng hayajonli lahzalaridan biri institutni muvaffaqiyatli tamomlagan 500 nafardan ortiq bitiruvchilarga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi davlat namunasidagi diplomlarni tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘ldi. Bitiruvchilar va ularning ota-onalari ushbu quvonchli onlarni katta mamnuniyat bilan qarshi oldilar.
Bayram tadbiri taniqli xonanda Dilso‘z hamda qator iste’dodli san’atkorlar ishtirokidagi gala-konsert dasturi bilan davom etdi. Musiqiy va badiiy chiqishlar tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, bayram tantanalariga yanada o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Gala-konsert davomida bitiruvchilar ustozlari, ota-onalari va yaqinlari bilan birgalikda raqsga tushib, talabalik yillarining eng unutilmas lahzalarini nishonladilar. Samimiy va quvonchga boy muhit tadbir ishtirokchilarida yorqin taassurotlar qoldirdi.
Mazkur tadbir bitiruvchilarni katta hayot sari tantanali kuzatish, ularning yillar davomida erishgan yutuqlarini e’tirof etish, shuningdek, institut taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan professor-o‘qituvchilar, xodimlar, faol talabalar hamda hamkor tashkilotlar mehnatini qadrlashning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Tadbir barchada unutilmas taassurot qoldirib, ko‘tarinki kayfiyat va ezgu tilaklar ostida yakunlandi.