Tadbirda institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori R. Yunusov, Yoshlar bilan ishlash va ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i X. Maxmudov, Institut profilaktika inspektori J. Mambetov, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistranti, podpolkovnik A. Mamatov, fakultet dekan o‘rinbosarlari, tyutorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni kirish so‘zi bilan institutning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori R. Yunusov ochib berdi. U o‘z nutqida bugungi kunda yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklar, xususan bezorilik va tan jarohati yetkazish jinoyatlari jamiyat barqarorligiga jiddiy tahdid solayotgan dolzarb muammolardan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlar ongida huquqiy madaniyatni shakllantirish, ularni turli salbiy illatlardan asrash hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish muhim vazifa ekanini qayd etdi hamda so‘z navbatini tadbir mehmonlariga berdi

photo_2026-01-30_15-18-02.jpg

photo_2026-01-30_13-51-40.jpg

photo_2026-01-30_13-51-42.jpg

A. Mamatov – Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistranti, podpolkovnik o‘z nutqida yoshlar o‘rtasida bezorilik va tan jarohati yetkazish jinoyatlarining kelib chiqish sabablari, ularning oqibatlari hamda oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

U, avvalo, bugungi O‘zbekiston yoshlari yangicha fikrlaydigan, global raqobat sharoitida o‘z o‘rnini topa oladigan, bilim va innovatsiyaga intilayotgan avlod ekanini ta’kidladi. Yoshlarning ilm-fan, ta’lim, axborot texnologiyalari, madaniyat va sport sohalarida erishayotgan yutuqlari ularning ulkan salohiyati va qat’iyatining yaqqol ifodasi ekanini qayd etdi. Shu bilan birga, yoshlar masalasi nafaqat ijtimoiy yo‘nalish, balki mamlakat kelajagini belgilovchi strategik yo‘nalish ekaniga alohida urg‘u berdi.

Shuningdek, u o‘z nutqida yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar, xususan bezorilik va tan jarohati yetkazish holatlari ko‘pincha tarbiyadagi kamchiliklar, huquqiy bilimning yetishmasligi hamda bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etmaslik natijasida yuzaga kelayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, arzimas sabablar bilan kelib chiqayotgan nizolar og‘ir oqibatlarga olib kelayotgani, ayrim holatlarda esa sovuq qurollardan foydalanish holatlari kuzatilayotgani achinarli ekanini qayd etdi.

Ma’ruzachi ta’lim va tarbiya masalasi jinoyatchilikning oldini olishda eng muhim omil ekanini ta’kidlab, ma’naviy barkamol, huquqiy ongi yuksak yosh hech qachon jinoyat yo‘liga kirmasligini alohida qayd etdi. Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda nafaqat ichki ishlar organlari, balki ta’lim muassasalari, ota-onalar va jamoatchilikning hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

U o‘z nutqida statistik ma’lumotlarga ham to‘xtalib, so‘nggi yillarda yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha qolayotganini, ayniqsa og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar orasida tan jarohati yetkazish va bezorilik holatlari ko‘pligini qayd etdi. Shuningdek, bunday jinoyatlarning asosiy sabablari sifatida oson daromad orttirishga intilish, moddiy yetishmovchilik, ishsizlik, o‘zini ko‘rsatishga urinish va tarbiyaviy muammolarni ko‘rsatib o‘tdi.

Shu bilan birga, u yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar uchun qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralariga alohida to‘xtalib, bunday huquqbuzarliklar og‘ir huquqiy oqibatlarga olib kelishini tushuntirdi.

Yakunda A. Mamatov yoshlarni har qanday nizoli vaziyatlarda vazminlik bilan yondashishga, muammolarni zo‘ravonliksiz hal etishga, qonunlarga qat’iy rioya qilishga hamda sog‘lom turmush tarziga amal qilishga chaqirdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar berildi hamda bu kabi uchrashuvlar yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularda sog‘lom dunyoqarash va huquqiy ongni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.